17:09 / 30.04.2021
2354
Maktablarda raqamlashtirishning 5ta asosiy yo‘nalishlari haqida ma'lumot berildi

Kecha, 29 aprel kuni AOKAda umumta'lim maktablarining AKT bilan ta'minlanganlik holati yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov ta'lim sohasidagi raqamlashtirishning 5 ta asosiy yo‘nalishlari haqida ham ma'lumot berdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Bugungi kunda maktablarda ichki lokal tarmoq uskunalari hamda Wi-Fi qurilmalar bilan ta'minlanayotgan maktablar soni ortib bormoqda. Jumladan, shu kunga qadar 4 mingdan ortiq maktablar (40 foiz) lokal tarmoq uskunalari va Wi-Fi qurilmalar bilan jihozlangan.

 2021 yil yakuniga qadar 7 mingga yaqin maktablarni ichki lokal tarmoq infatuzilmasi bilan ta'minlash ishlari amalga oshiriladi.

 Kelgusida barcha maktablarni va ulardagi kompyuterlarni bog‘lovchi yagona «Elektron ta'lim» korporativ tarmog‘i yaratilishi ko‘zda tutilgan.

 Maktablardagi informatika xonalarini zamonaviy kompyuter texnikalari bilan ta'minlash borasidagi ko‘rsatkichlar bugungi kunda 56,7 foizni tashkil etmoqda. Ya'ni jami 15 ming 906 ta informatika sinf xonalaridan 9 ming 26 tasi zamonaviy kompyuter texnikalari bilan jihozlangan. Bu ko‘rsatkichni joriy yilda 70 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.

 Xalq ta'limi tizimida 20 dan ziyod axborot tizimlari va resurslari ishlab chiqilib, ularni amalda tatbiq etish ishlari amalga oshirilmoqda», – dedi vazir o‘rinbosari.

Rustam Karimjonov

 Unga ko‘ra, yo‘nalishdagi eng dolzarb yana bir yo‘nalish masofaviy ta'lim uchun yaratilayotgan shart-sharoitlardir.

 «Bu borada sohada masofaviy ta'lim jarayonini amaliyotga keng joriy etish, sinflar kesimida barcha mavzular bo‘yicha videodarslar bazasini yaratish maqsadida Maktab.uz masofaviy ta'lim platformasi ishlab chiqilgan.

 Bundan tashqari, Xalq ta'limi tizimiga oid jarayonlarni avtomatlashtiruvchi «Xalq ta'limi tizimini boshqarishning axborot tizimi (ERP) dasturiy majmuasi» bosqichma-bosqich joriy etib kelinmoqda.  

Maktablarda AKTni joriy etishning yana bir muhim omillaridan biri – bu ta'lim maskanlarini malakali kadrlar bilan ta'minlashdir. «Bir million dasturchilar» loyihasi bo‘yicha 5 ming 150 nafar informatika fani o‘qituvchilari malaka oshirmoqdalar. Mazkur loyiha doirasida 200 ming o‘quvchilar ta'lim olishmoqda.

 2021 yil Davlat dasturiga muvofiq informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchilarining dasturlash tillari bo‘yicha malakasini oshirish (Phyton, Scratch va b.) hamda maktab direktorlarining AKT savodxonligini oshirish bo‘yicha o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda», – dedi Rustam Karimjonov.

Top