Jamiyat | 12:40 / 05.05.2021
4152
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoro viloyati hokimiga o‘rinbosar tayinlandi

Buxoro viloyati hokimiga yangi o‘rinbosar tayinlangan. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Botirjon Shahriyorov Buxoro viloyati hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – Turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangan.

Qayd etilishicha, Botirjon Shahriyorov 1971 yilda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy, 1994 yili Toshkent davlat texnika universitetini, 1998 yili Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti magistraturasini, 2004 yili O‘zbekiston milliy universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi — muhandis-iqtisodchi, huquqshunos.

O‘z mehnat faoliyatini Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligida kichik ilmiy xodim sifatida boshlagan Botirjon Shahriyorov uzoq yillar soliq sohasida mas'ul lavozimlarda faoliyat olib borgan. So‘nggi yillarda u «Toshkent» Respublika fond birjasi aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi (2014-2015), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat huquq inspeksiyasi boshlig‘i (2015-2017) lavozimlarida faoliyat yuritgan. 

Botirjon Shahriyorov 2017 yil 18 avgustdan buyon viloyat hokimining turizm masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan edi.

Mavzuga oid