17:43 / 05.05.2021
13871
Toshkentdagi soliq organlari 3 oy ichida 15 ta sudda yutqazgani ma'lum bo‘ldi

Yanvar-mart oylarida Toshkentda soliq organlari mansabdorlarining xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish bo‘yicha 15 ta ariza sudda qanoatlantirilgan, 13 ta ariza rad etilgan.

Toshkent shahar ma'muriy sudi raisi Ulug‘bek Almamedov 1-chorak yakunlariga bag‘ishlab 4 may kuni o‘tkazilgan brifingda davlat mansabdorlarining xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish yuzasidan ko‘rilgan ishlar haqida ma'lumot berdi.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yilning 3 oyi davomida ma'muriy organlar mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish bilan bog‘liq ishlar soni tuzilmalar kesimida quyidagicha ko‘rinish olgan:

  • Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish, ularning qarorlarini haqiqiy emas deb topish yuzasidan 176 ta ish ko‘rilgan. Shundan, 161 tasi qanoatlantirilgan, 6 tasi rad qilingan, 6 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan, 3 tasi ish yuritishdan tugatilgan;
  • mahalliy hokimliklar mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish va hokim qarorlarini haqiqiy emas deb topish yuzasidan 106 ta ish ko‘rilgan. Shundan, 37 tasi qanoatlantirilgan, 46 tasi rad qilingan, 13 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan, 10 tasi ish yuritishdan tugatilgan (Yer uchastkalarini olib qo‘yish, kompensatsiya);
Ulug‘bek Almamedov
  • davlat soliq organlari mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish, ularning qarorlarini haqiqiy emas deb topish yuzasidan 46 ta ish ko‘rilgan. Shundan, 15 tasi qanoatlantirilgan, 13 tasi rad qilingan, 18 tasi ish yuritishdan tugatilgan;
  • adliya organlari (notarius, FHDYo, Davlat xizmatlari agentligi va b.) mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topish, ularning qarorlarini haqiqiy emas deb topish yuzasidan 11 ta ish ko‘rilgan. Shundan, 7 tasi qanoatlantirilgan, 3 tasi rad qilingan, 1 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan.

Ulug‘bek Almamedovning qayd etishicha, davlat soliq organlari bilan bog‘liq ishlarning aksariyatini QQS qo‘llash bo‘yicha qarorlar ustidan berilgan shikoyatlar tashkil etadi.

Mavzu
«Obnal» mojarosi
Davlat soliq qo‘mitasi naqdlashtiruvchi firmalar bilan kurash boshlab, 2021 yil fevral oyida 10 mingga yaqin tadbirkorlik sub'yekti zimmasiga 1 trillion so‘m QQS summasini yukladi.
Barchasi
Top