20:29 / 12.05.2021
26300
Dunyoning eng ko‘p pul ishlab topgan sportchilari nomi ma'lum qilindi

Reytingda birinchi o‘rinni irlandiyalik MMA jangchisi Konor Makgregor egalladi. 

Forbes dunyoning eng ko‘p pul ishlab topgan 10 nafar sportchisi nomini ma'lum qildi.

O‘tgan yili hammadan ko‘p pulni irlandiyalik MMA jangchisi Konor Makgregor topgan. Uning daromadi 180 million dollar deb baholandi.

Bu pulning katta qismi — 150 million dollar — o‘zining viski brendi aksiyalari nazorat paketini sotishidan kelgan. Yana 8 million dollarni reklama shartnomalari orqali topgan. Oktagondagi janglari esa unga 22 million dollar keltirgan.

Reytingda ikkinchi o‘rin 130 million dollar ishlab topgan «Barselona» hujumchisi Lionel Messiga nasib etdi. Futbolchi 97 million dollarni klubdan olgan bo‘lsa, qolgan qismi reklama shartnomalaridan kelgan.

Eng ko‘p pul ishlab topgan sportchilar uchtaligini Krishtianu Ronaldu yakunlab berdi. «Yuventus» hujumchisi 120 million dollar daromad topgan. Turinliklar unga 64 million dollar maosh to‘lagan, qolganini esa reklama va o‘z biznesi orqali ishlagan.

Yana bir sportchi – amerikacha futbol yulduzi Dak Preskott ham o‘tgan yili 100 mln dollardan ortiq pulga ishlagan. «Dallas Kovboys» o‘yinchisi bir yil davomida 107,5 mln dollar topgan.

O‘ntalikdan quyidagi sportchilar ham o‘rin oldi:

  • amerikalik basketbolchi Lebron Jyeyms – 96,5 mln dollar;
  • braziliyalik futbolchi Neymar – 95 mln dollar;
  • shveysariyalik tennischi Rojyer Federer – 90 mln dollar;
  • angliyalik «Formula-1» poygachisi Lyuis Hemilton – 82 mln dollar;
  • amerikacha futbol o‘yinchisi Tom Bredi – 76 mln dollar;
  • amerikalik basketbolchi Kevin Dyurant – 75 mln dollar.
Top