11:15 / 18.05.2021
13576
O‘zbekistonga ZF-UZ-VAC2001 vaksinasidan yana 1 mln doza olib kelindi

17 may kuni O‘zbekiston va Xitoy hammuallifligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasidan yana 1 million doza keltirildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning 27 mart va 27 aprel kunlari mazkur vaksinaning avvalgi 2 million dozasi keltirilgan edi. Shuningdek, mart oyida 660 ming doza AstraZeneca, aprel oyida 100 ming doza «Sputnik V» vaksinalari ham olib kelingan.

«Shunday qilib, O‘zbekistonning vaksina zaxirasi 3 million 760 ming dozaga yetmoqda. Ayni paytgacha foydalanilgan 1 million 346 ming dozadan ortiq vaksinaning 62 foizi, ya'ni 842 ming dozadan ortig‘ini ZF-UZ-VAC2001 tashkil qilmoqda. Shundan ayni paytgacha 91 ming nafardan ortiq yurtdoshimiz o‘zbek-xitoy vaksinasining 2-bosqichi bilan ham emlangan», deyiladi vazirlik xabarida. 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Ma'lumot uchun, 17 may kuni ZF-UZ-VAC 2001 bilan emlanish 34 416 dozani tashkil qilib, ushbu vaksina bilan kunlik emlanish ko‘rsatkichi 56 foizga yetgan.

Bundan tashqari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Botir Qurbonov iyun oyida respublikaga AstraZeneca vaksinasining keyingi dozalari ham olib kelinishi haqida ma'lum qilgan. 

«Sputnik V» vaksinasining qo‘shimcha dozalari ham yaqin orada olib kelinishi rejalashtirilgan.

Yil oxiriga qadar O‘zbekiston vaksinasi ham e'lon qilinishi haqida xabar berilgan edi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top