11:43 / 19.05.2021
7747

Sirdaryo viloyatida ta'lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktabga boshqa hududdan kelib ishlayotgan o‘qituvchilarga uy berildi

18 may kuni Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida ta'lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarga boshqa hududdan borib faoliyat boshlagan 5 nafar o‘qituvchiga namunaviy loyihasi asosida qurilgan uylarning kaliti topshirildi. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Xalq ta'limi vazirligi

Prezident qaroriga ko‘ra, olis hududlarda joylashgan budjet tashkilotlariga boshqa hududlardan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan oliy ma'lumotli mutaxassislarga imtiyozlar e'lon qilingan edi. Ushbu o‘qituvchilar yangi qurilgan matematika faniga ixtisoslashtirilgan 1-davlat umumta'lim maktabiga Buxoro va Jizzax viloyatlaridan kelib ish boshladi.

O‘qituvchilarga uylarni topshirish marosimida xalq ta'limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev, Sirdaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Anvar Karimov, sohaning mutasaddi vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, maktab pedagogik jamoasi ishtirok etdi.

Xalq ta'limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamovaning ma'lum qilishicha, bu tashabbus ta'lim darajasi yuqori bo‘lmagan «qizil maktab»larga boshqa hududlardan mahoratli o‘qituvchilarni jalb etish maqsadida viloyat hokimligi tomonidan amalga oshirilgan.

«Bunday o‘qituvchilarni rag‘batlantirish ularda o‘z faoliyatiga bo‘lgan ishtiyoqni oshiradi. O‘z ishining fidoiysi bo‘lgan mutaxassislarni o‘z hududiga jalb etish o‘sha hududda ta'lim sifati oshishiga, aholining bilim darajasi ortishiga va kelgusida hududdan ko‘plab salohiyatli shaxslar yetishib chiqishiga sabab bo‘ladi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lumot uchun, 2021 yilning 1 martidan boshlab ta'lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarda dars berish uchun boshqa hududlardan jalb qilingan oliy va birinchi toifaga ega o‘qituvchi-pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga:

  • bir ma'muriy-hududiy birliklar doirasida boshqa tuman va shaharlardan kelib faoliyat yuritsa, 50 foiz;
  • boshqa ma'muriy-hududiy birlikdan kelib faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, 100 foiz ustamalar to‘lanadi.
Mavzuga oid
Top