20:02 / 20.05.2021
30217
Dahshatli raqamlar! Biz qayoqqa qarab ketyapmiz?!

“Qashqadaryoda sodir bo‘lgan mudhish yo‘l-transport hodisasida 7 kishi vafot etdi...”, “Farg‘onada sodir bo‘lgan YTH oqibatida 6 kishi halok bo‘ldi...”, “Nukus yaqinida uchta avtomobil to‘qnashib, 6 kishi halok bo‘ldi...”, “Samarqandda sodir bo‘lgan YTHda 9 yoshli bola vafot etdi...”. Bu so‘nggi o‘n kunda sodir bo‘lgan avariyalarning ayrimlari (!) xolos.

Afsuski biz harakatlanayotgan temir zavqini hazrati insonning shirin jonidan afzal bilar darajaga yetganlar bilan bir jamiyatda yashayapmiz. O‘zbekistondagi yo‘l transport hodisalari bilan bog‘liq holat juda ayanchli, vaziyatni o‘nglashga qaratilgan har qanday islohotlar o‘ta og‘riqli qabul qilinadi, hamma bir-birini ayblaydigan illatli doira ichida yuzlab qurbonlar berilyapti va ular soni muntazam ortib boryapti.

Misol tariqasida, qoidabuzarliklar haqida xabar berishni “kozyol”likdan olib “terpila”likka soldik. Shu masala ko‘tarilganda butun jamiyat ikkiga bo‘linib ketdi, qoidabuzarlar o‘z qilmishlari oshkor qilinishiga shu qadar kuchli qarshi chiqdilarki, tashqi dushman kirib kelishi ham bunchalik ko‘pchilikni safarbar hamda hamjihat qila olmasa kerak.

Oqibat ko‘p kuttirmadi: qonunchilik bu harakatga imkon bersa ham, ko‘pchilik “och qornim, tinch qulog‘im” rejimiga o‘tdi, bu ishni qila boshlaganlar kaltaklandi, sazoyi qilindi, salkam xalq dushmaniga aylantirildi.

Xo‘sh, natija nima bo‘ldi? Endigina dunyoga kelayotgan jamoat nazorati bo‘g‘ib o‘ldirildi, loqaydlik ma'qullandi, olomon madaniyati qo‘llanilib, qonunchilik chetga surildi.

Endi-chi? Nahotki biror kun dahshatli avariyalarsiz o‘tmay qolganini ko‘rmayotgan bo‘lsak?! Axir bizni, temirni quturtiradigan haydovchilarni jilovlashning yagona uslubi jazo – ayovsiz jazo ekanligini unutib qo‘yyapmiz.

Har qanday muammoda dunyoning rivojlangan davlatlarini misol qilib olishni xush ko‘ramiz. Lekin ana o‘sha davlatlarda yo‘l-transport hodisalaridan o‘lim ko‘rsatkichini nolga tushirish bo‘yicha nihoyatda jiddiy kirishilgan. O‘nlab dasturlar amalga oshiriladi, o‘limga olib kelgan har bir avariya batafsil o‘rganiladi. Biz esa faqat ko‘rgan onimizda andak achinamiz va unutamiz. Lekin muammo kamaymayapti, aksincha, kun sayin oshyapti va oshishda davom etadi ham.

Sabablar oddiy va dunyo qadar ko‘hna:

1. Avtomobillar soni kun sayin ko‘payyapti;

2. Mavjud yo‘llar va infratuzilma talab darajasida emas;

3. Tezliklar oshgani sari haydovchi va yo‘lovchilik madaniyati soat sayin pasayib ketyapti;

4. Zamonaviy texnologiyalar shuncha keng qo‘llanishiga qaramay, vakolatli organlar nazoratni ta'minlay olmayaptilar;

5. Eng muhimi, qoidabuzarlik faqat jazodan qochish uchungina qilinmaydigan, hech kim ko‘rmasa, bilmasa, albatta, qilinadigan odat tusiga kirib ulgurgan.

Yangiliklarni kuzating, raqamlar dahshatini his qiling. Dunyoga to‘ymagan bolalar g‘ildiraklar ostida yanchilmoqda! Biz esa hanuz “kozyol”larni izlash bilan bandmiz...

P.S.: Yuqorida biz sodir etilgan avariyalarning ayrimlarinigina keltirib o‘tdik! Qizig‘i, o‘tgan 10 kun davomida koronavirusdan bor yo‘g‘i 12 kishi vafot etgan xolos...

Abror Zohidov

Top