Marg‘ilon shahrida qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib harakatlangan Tahoe Tico avtomobiliga urilib, ayanchli yo‘l-transport hodisasini sodir etdi. Majaqlanib ketgan Ticoʼda haydovchidan tashqari yana bir yo‘lovchi bo‘lgan. Ular ayni paytda Farg‘ona shahridagi xususiy klinikalardan birida davolanyapti. Tico haydovchisi va hamrohining ham ikki oyog‘i sinib, jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazgan.
Kun.uz muxbiri shifoxonada bo‘lib, Tico avtomashinasida bo‘lgan YTH ishtirokchilari va shifokor bilan suhbatlashdi.

“Biz o‘z yo‘limizda ketayotgan edik. Tahoe mashinasi to‘satdan qarama-qarshi tomonga o‘tib, biz tomonga kela boshladi.
Holatni ko‘rib joyimizda to‘xtadik. Keyin esa Tahoe mashinamizga kelib urildi. Undan keyin nima bo‘lgani esimda yo‘q. Mashinadan tortib olishayotganini sezdim xolos. Yonimdagi haydovchining qo‘li va oyog‘i sindi. Uning ham holati yaxshi. Ikki oyog‘im singan edi. Bugun oyoqlarimni operatsiya qilishdi”, deydi Tico haydovchining hamrohi.

Bemorlar davolanayotgan YevroMed klinikasi travmatologiya bo‘limi boshlig‘i Sanjarbek Yigitaliyev bemorlar holati haqida so‘zlab berdi.

“14 dekabr kuni Marg‘ilon shahrida bo‘lgan avtohalokat natijasida shikast olgan Saidazimxon To‘rayev va Abduhalim Qurbonovlar o‘sha kuni dastavval Marg‘ilon shahridagi tez tibbiy bo‘limiga murojaat qilishgan. Travmatolog ko‘rigidan so‘ng shoshilinch xirurgiya bo‘limiga yotqizilgan. 15 dekabr kuni esa ikkisini ham YevroMed klinikasiga olib kelishdi. Haydovchi Saidazimxon To‘rayev o‘ng son suyagi ochiq sinib siljishi, chap tirsak suyagi ochiq sinib siljishi, o‘ng qovoq sohasi tikilgan jarohati bilan davolanyapti. Haydovchining hamrohi Abduhalim Qurbonovga o‘ng son suyagi o‘rta uchligidan qiyshiq sinib siljishi, chap boldir suyagining bo‘g‘im ichidan sinishi tashxisi qo‘yildi. Yo‘lovchi Abduhalim Qurbonov mutaxassislar ko‘rigidan so‘ng holati yaxshi bo‘lgani sababli operatsiyaga olindi. Bemor holati hozirda stabil. Haydovchi Saidazimxon To‘rayev jarohatlari ochiq bo‘lgani sababli kuzatuv ostida turibdi.









