12:21 / 22.05.2021
3117

Samarqandda 2 ming dollar porani olmagan IIB xodimiga 15 million so‘m mukofot berildi

Samarqand viloyati IIB tomonidan 2 ming dollar porani olmagan IIB xodimiga 15 million so‘m mukofot berilgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 10 may kuni Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB tezkor xodimi Qorasuv maskani Bahodir Yalangtush mahallasida o‘zini shubhali tutgan A.Yu.ni xolislar ishtirokida tintuvdan o‘tkazganda, uning cho‘ntagida 2,16 gramm og‘irlikdagi marixuana borligi aniqlanib rasmiylashtirilgan.

Shundan so‘ng mazkur fuqaro o‘ziga nisbatan to‘plangan hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tkazmaslik va tergov organi tomonidan qonuniy chora ko‘rmaslik evaziga tezkor xodimga 2 000 dollarni pora sifatida taklif qilgan.

Xodim unga bir necha marotaba bu ish jinoyat ekanini tushuntirishiga qaramasdan, u pora taklif qilishda davom etgan. Tezkor xodim holat yuzasidan viloyat IIB boshlig‘i nomiga bildirgi bilan murojaat qilgan.

Qayd etilishicha, xodimning bildirgisiga asosan, 11 may kuni IIV O‘XB Samarqand viloyati bo‘yicha bo‘limi, Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB, Samarqand shahar prokuraturasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda Kattaqo‘rg‘on shahar A.Temur ko‘chasida yashovchi 1987 yilda tug‘ilgan A.Yu. IIB xodimiga 2 000 dollarni pora tariqasida bergan vaqtda daliliy ashyolar bilan ushlangan.

21 may kuni Samarqand viloyati IIB rahbariyati hamda IIV O‘XB Samarqand viloyati bo‘yicha bo‘limi boshlig‘i tomonidan IIB xodimlari, ularning ota-onalari va oila a'zolari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilgan. Yig‘ilishda shaxsiy tarkib o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, xodimlar tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan noxush holatlar oldini olish to‘g‘risida ma'ruza qilingan.

Yig‘ilish so‘ngida korrupsiyaga qarshi kurashishda faollik ko‘rsatib, jinoyatchi tomonidan pora tariqasida taklif etilgan 2 000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olmasdan, uning ashyoviy dalillari bilan ushlanishiga erishib, qonun ustuvorligini ta'minlagan kapitan U.Sarimovga viloyat IIB boshlig‘ining buyrug‘i bilan 15 million so‘m pul mukofoti berilgan. Bundan tashqari, uning ota-onasiga tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar topshirilgan.

Top