15:42 / 23.05.2021
9718
Olmaliqda nogironligi bor fuqarolarga berilgan uy olib qo‘yilishi mumkin

Olmaliqda hokimlik tomonidan nogiron fuqaro uchun bepul berilgan kvartira shu uyni qurgan quruvchi tashkilot tomonidan qaytarib olinishi mumkin. Shahar hokimligi bunday bo‘lmasligi uchun barcha harakatlar qilinishini aytmoqda.

Kun.uz tahririyatiga Toshkent viloyati Olmaliq shahar So‘fi Olloyor mahallasi Totuvlik ko‘chasi 9-b uy 10-xonadonda yashab kelayotgan Akbarshoh Zokirov murojaat qilib, prezident tomonidan nogironligi bor fuqarolarga berilgan uydan chiqarib yuborishmoqchi ekanligini aytdi.

«Order va sertifikatimiz bor. Tadbirkor bizni uydan chiqarib yubormoqchi»

Akbarshoh Zokirovning aytishicha, 2018 yilning yozida hokimlik tomonidan prezident sovg‘asi sifatida Olmaliq shahri So‘fi Olloyor mahallasi Totuvlik ko‘chasida joylashgan «9-b» uydan uy berishadi.

«Hokimlik dastlab «9-b» uyning 53-xonadonini berdi. Kvartirani topshirish jarayonini «O‘zbekiston 24» telekanali orqali namoyish etishdi. Mazkur xonadonda ikki yarim oy yashadim. Uy sanitar-gigiyena talablariga umuman javob bermasdi. Zax tortib, mog‘or bosib ketdi. Bu uyda ko‘p kasal bo‘lib qolaverdim. Shundan so‘ng shahar SES bu uy sanitar talablarga javob bermasligi bo‘yicha xulosa berdi.

2018 yilning dekabrida hokimlik meni shu uyning 10-xonadoniga chiqardi. Xonadon ta'mirga muhtojligi sabab o‘zim qaytadan ta'mirladim. Oradan bir yil o‘tib, 10-xonadonga order berishdi. Salkam 3 yildan beri shu xonadonda yashab kelyapman.

Lekin bundan bir haftacha oldin shu uyni qurgan firmaning yuristi va hokimlik mutasaddisi kelishdi. Firma yuristi bu uydan chiqib ketishimizni, hujjatlar noqonuniy ekanligini, uyni bo‘shatib qo‘yishimiz kerakligini aytdi.

Shuningdek, shu uyda yashayotgan, nogironligi bor yana bir xonadonga ham shunday talab qo‘yilmoqda. Axir bizda order va sertifikatlar bor. Nogironligimiz bor. Biz qayerga boramiz?» deydi Akbarshoh Zokirov.

«Fuqaro uyidan chiqarilmaydi. U hokimlik himoyasida» – Olmaliq shahar hokimligi

Holat bo‘yicha Akbarshoh Zokirov xonadoniga ular yashab turgan uyni qurgan firma yuristi bilan birga borgan hokimlik rasmiysi Dilorom Alimovadan izoh so‘radik. Mutasaddi telefon orqali suhbatda nogironligi bor fuqarolar uyidan chiqarib yuborilmasligini, tadbirkor bilan kelishuvga erishilishini ma'lum qildi.

«Totuvlik ko‘chasida haqiqatan ham nogironligi bor fuqarolarimiz yashaydi. Dastlab ularga «9-b» uyning 51 va 53-xonadonlari berilgan. Lekin bu xonadonlar yaxshi ta'mirlanmagani, sanitariya talablariga javob bermagani sababli nogironligi bor fuqarolarni shu uyning 10 va 12- xonadonlariga ko‘chirganmiz.

Yaqinda shu uyni qurgan firmaning vakili keldi. Men ham birga bordim. Lekin fuqarolarga «uydan chiqinglar», deb aytganim yo‘q. Hokim ham bunday demagan.

Ular bizning himoyamizda. Axir nogironligi bor. Orderi va sertifikati bor. Ular uyidan chiqarib yuborilishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Shahar hokimi ayni vaqtda tadbirkor bilan kelishish jarayonida.

Juda bo‘lmasa, oldingi berilgan 51 va 53- xonadonlarni qayta ta'mirlab beramiz va o‘sha uyga ko‘chiramiz. Bu fuqarolarni hech kim chiqarib yubormaydi», dedi Dilorom Alimova.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Totuvlik ko‘chasi «9-b» uy hokimlikka tegishli bo‘lgan. Tadbirkor nol qarz bilan uyni olib, hokimlikka 15ta uy ajratib bergan.

«Shu uylarga nogironligi bor fuqarolar order asosida joylashtirilgan», deydi mutasaddi.

Surishtiruvlar davomida Akbarshoh Zokirovning prezidentdan sovg‘a sifatida qabul qilib olgan uyini nima sababdan qaytarib olishga urinishlar bo‘layotganiga aniqlik kiritib bo‘lmadi.

Umid qilamizki, tez orada Olmaliq shahar hokimligi vaziyat yanada chigallashib ketmasidan avval masalani ijobiy hal etishda tashabbus ko‘rsatib, nogironligi bor fuqarolarning dilidagi qo‘rquvni yo‘qqa chiqaradi.

Rahmatillo Isroilov.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top