19:14 / 24.05.2021
8402
«Ilmda shov-shuv yarashmaydi» - geolog O‘zbekiston hududidan olib ketilgan dinozavr qoldiqlari haqida

Geologiya muzeyi direktori Ahmadjon Ahmedshayev Kun.uz’ga bergan navbatdagi intervyusida O‘zbekistonda dinozavrlar davriga oid topilmalar, respublikadan olib chiqib ketilgan dinozavr skeleti qoldiqlari, shuningdek, mamontlar ajdodi bo‘lgan arxideskadonlarning yashagan manzillari haqida ma'lumotlar berdi.

Ilm aniqlik va xolislik demakdir

1999-2008 yillarda bir guruh rossiyalik va amerikalik olimlar Qizilqumdagi Jaraquduq degan joyda arxeologik qazish ishlarini olib bordi va ruxsatnomasi bo‘lganmi-yo‘qmi, juda ko‘p miqdordagi topilmalarni olib chiqib ketdi. Avvalo, aytib o‘tish kerakki, O‘zbekiston hududidan topilgan har qanaqa boylik o‘zimizniki hisoblanadi. Shundan so‘ng bir qancha maqolalar chop etishdi.

Ular 2016 yilda eng vahshiy dinozavr – tirannozavrlarning yetishmayotgan bir turkumi haqida to‘liq ma'lumot chop etishdi. Meni ranjitgani shu bo‘ldiki, unga “Temurlan” deb nom qo‘yishdi. Nega endi buyuk tarixiy shaxs nomini hayvonga qo‘yish kerak, ilmiy topilma bo‘lgandan keyin ilmiy nom qo‘yilishi lozim edi. Bu gap-so‘zlardan so‘ng joriy yil fevral oyida yana bir nufuzli jurnalda maqola chop etishdi. Ularning tadqiqoti keltirib chiqargan shov-shuv shu bo‘ldiki, dinozavrlarning ma'lum bir turkumidagi diplodoklarga qarindosh bo‘lgan dinozavr skeleti topilibdi.

Ma'lumot berilganda, ayniqsa, ilmiy ma'lumot bo‘lsa, aniqlik muhim bo‘ladi, ular skelet deb ko‘rsatayotgan narsa umurtqaning bir necha holatdagi ko‘rinishi xolos, skelet qayerda-yu, bir-ikkita suyak qayoqda?  

O‘zbekiston hududidan topilgan dinozavrlar qoldiqlari

Geologiyaga dinozavrlarning nima aloqasi bor deyilsa, dinozavrlar va ular yashagan davrlarni o‘rganadigan soha kishilari bu – geologlar. Bir suhbatimizda ham ta'kidlagandimki, arxeologlar inson paydo bo‘lgandan boshlab tarixni o‘rgansa, undan avvalgi tarixni geologlar o‘rganadi. Geologiya tarkibidagi paleontologiya fani qaysi dinozavrlar qaysi davrlarda yashaganini o‘rganadi. Geologiya nafaqat yerning yoshi, tarkibi, rivojlanishi, balki hayvonot olami, suv, o‘simlik olami, hududlar qanaqa ko‘rinishda bo‘lgani kabi savollarga javob izlaydi.

Bizda dinozavrlarning paydo bo‘lishi trias davri oxiriga to‘g‘ri keladi. Dinozavrlar ham bir turkum hayvonot olamiga kiradi, masalan, primatlar maymunlar deb hisoblanadigan bo‘lsa, dinozavrlar ham xuddi shunday. Dinozavrlar yura, bo‘r davrlariga kelib juda rivojlangan.

Geologiya muzeyi direktori Ahmadjon Ahmedshayev

Geologiya muzeyining qadimgi jonzotlar zalida O‘zbekistonda yashagan dinozavrlar va boshqa ko‘plab hayvonlarning tosh qotgan tana a'zolari, skeletlari saqlanadi. Bu zalga qo‘yilgan eksponatlarning barchasi original. Bular taxminan 60-90 mln yil avval yashagan dinozavr va boshqa hayvonlarning qoldiqlari hisoblanadi.

Ko‘pchilikda shunday savol bo‘ladiki, dinozavrlar yashagan davrda boshqa jonzotlar ham bo‘lganmi? Muzeyga tashrif buyurgan kishi o‘sha davrga oid baliqlar, skatlar, toshbaqalar, timsohlar, akulalar qoldiqlarini ko‘rishi mumkin.

Dinozavr terminini fanga birinchi marta ingliz olimi Richard Ouen kiritgan. U 1842 yilda dinozavr suyalarini topib, tuyaga, filga mo‘ljallab ko‘radi, hech qaysisiga to‘g‘ri kelmagach, grekcha qo‘rqinchli, bahaybat kaltakesak ma'nosini bildiruvchi “dinozavr” degan ilmiy nomni qo‘llaydi. 

Garchi bizning hududlarda dinozavrlar yashagani haqida ma'lumotlar ko‘p bo‘lsa-da, muzeyda ularni aks ettiruvchi eksponatlar kam. Sababi yuqorida aytilganidek, qazishda topilgan topilmalar o‘rganish uchun olib ketilib qaytarib berilmagan. Bu sobiq ittifoq davrida ham kuzatilgan. 1968 yilda Farg‘ona vodiysi Toshko‘mir qishlog‘i oldidan zauropod guruhiga kiruvchi dinozavrning 40 foiz skeleti saqlanib qolgan topilma Sankt-Peterburgga o‘rganish uchun olib ketilgan va O‘zbekistonga qaytarib berilmagan.

Mamontlar ajdodi bo‘lgan arxideskadon suyagi qoldiqlari

2013 yil kuz oylarida Toshkent viloyati hududidan noma'lum suyak qoldiqlari topilgani haqida xabar berishdi, qo‘mita raisi huzuriga borganimda suratlarini ko‘rsatishdi.

Geologlarning bir odati bor, har bir narsani joyiga borib qo‘li bilan ushlab, ko‘zi bilan ko‘rmaguncha hech narsaga ishonmaydi. Men bir shart bilangina bu ekspeditsiyada qatnashishga rozi bo‘ldim, eksponat muzeyga berilishi kerak. Topilma Olmaliq va Angren oralig‘idagi Objarsoyda ekan, borib ko‘rib kelgandan so‘ng, 8 sutka davomida uni qazib olib keldik.

O‘sha paytda odamlar mamont suyagi topildi, mamont qabristoni bor ekan, degan mish-mishlarni to‘qib chiqarishdi. Topilma esa ruschasiga “biven” deyiladi, mamontlarning oziq tishiga o‘xshab ketadigan, lekin ularniki kabi qayrilmagan yoy shaklidagi suyak, jag‘ tishi va boshqa ba'zi suyaklar edi.

Bundan avvalroq 2008 yil Qarshi shahrining G‘ishtli qishlog‘i hududida daryodan mahalliy aholi baliq ovlayotgan vaqtda noma'lum hayvonning uchta tishi, boldir suyagi topilgandi.

O‘rganishlar natijasida ma'lum bo‘ldiki, bu topilmalarning o‘zaro bog‘liqligi mavjud, lekin ular mamontniki emas, mamontdan yoshi ancha katta. U xartumlilar oilasiga kiruvchi ilmiy nomi “arxidiskadon meridional nesti” bo‘lgan jonzot. Arxidiskadonlarning eng yorqin namunalaridan biri 1911 yilda Odessa atrofida topilgan.

Arxidiskadonlar Qashqadaryoda, shuningdek, Qizilqumda hamda Toshkent viloyati hududida ham topilgan. Ularning yashagan davri taxminan 3 mln yillar avvalga borib taqaladi. Keyinchalik, 800 ming yil avval ular o‘z o‘rnini boshqa turdoshlariga bo‘shatib bergan.  

Top