20:26 / 24.05.2021
2223
«Yaxshilik qil – 2021» ijodiy ishlar tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

«Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan o‘zbek xalqi orasida o‘zaro birdamlik va mehr-oqibatni keng targ‘ib etish va shu yo‘lda xizmat qilayotganlarni rag‘batlantirish maqsadida e'lon qilingan «Yaxshilik qil - 2021» nomli ijodiy ishlar tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.

Bugun, 24 may kuni Toshkent shahridagi «Sulton» koshonasida ushbu tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Marosimga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘limi mudiri Muhammad Ayyub domla Homidov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning islomiy diniy-ma'rifiy tashkilotlar va imom-xatiblar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Muhiddin Hakimov va tanlovda saralash bosqichidan o‘tgan ishtirokchilar tashrif buyurdi.

Mazkur tanlov joriy yilning 24 fevralidan 12 apreliga qadar davom etib, O‘zbekistonning turli hududlaridan jami 1400dan ortiq ijodiy ishlar kelib tushgan.

Tanlov 3️ yo‘nalishda o‘tkazildi. Yaxshilikni targ‘ib etuvchi:

  • «Eng yaxshi videorolik» – 7 000 000 so‘m;
  • «Eng yaxshi maqola» – 5 000 000 so‘m;
  • «Eng yaxshi infografika» – 3 000 000 so‘m bilan taqdirlandi.

«Eng yaxshi infografika» bo‘yicha oliy o‘rin Dilafruz Qurbonovaga nasib etdi, u 3 mln so‘m pul mukofoti va diplom bilan taqdirlandi. Shu nominatsiya bo‘yicha Dilfuza Karimovaga shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning «Tafsiri Hilol» kitobi va diplom berildi. Abdusamad Salimjonov va Luqmonjon Lutfullayev esdalik sovg‘alar va maxsus sertifikat bilan taqdirlandi.

«Eng yaxshi videorolik» bo‘yicha oliy o‘rin islom.uz portalining media yo‘nalishi xodimi Yorqin Xalilga nasib etdi. G‘olibga homiylar tomonidan 7 mln so‘m pul mukofoti topshirildi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda Baxtiyor Muhammad va Muhammad Umar shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning «Tafsiri Hilol» kitoblari va diplom bilan taqdirlandi.

«Eng yaxshi maqola» bo‘yicha oliy o‘rinni esa Hayitmurod Yerejyepov egalladi. Homiylar tomonidan g‘olibga 5 mln so‘m pul mukofoti topshirildi. Shuningdek, Nilufar Saidakbarova, Madina Abdullayeva va Dilmurod Mirzoga «Tafsiri Hilol» kitoblari va diplomlar topshirildi.

Shuningdek, saralash bosqichidan o‘tgan barcha ishtirokchilarga «Vaqf» fondi tomonidan esdalik sovg‘alari berildi.

Top