O‘zbekiston | 14:53 / 10.11.2021
4321
3 daqiqa o‘qiladi

«Vaqf» fondi 4 yilda masjidlar qurilishi, ta'minoti va xodimlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun 75 milliard so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirdi

Foto: KUN.UZ

«Vaqf» xayriya fondi o‘z faoliyatini boshlagandan bugunga qadar O‘zbekistonda masjidlar qurilishi, ta'mirlanishi, texnik ta'minot va xodimlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun jami 74,9 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ni xayriya sifatida yo‘naltirgan. Bu haqda 10 noyabr kuni fond tomonidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha o‘tkazilgan brifingda ma'lum qilindi.

Jumladan, Vaqf fondi tomonidan 2018-2021 yillarda masjidlar qurilishi, joriy va kapital ta'mirlash ishlari uchun jami 5,2 milliard so‘mdan ortiqroq mablag‘ hamda jami qiymati 2 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan 94 mingta kitob vaqf qilingan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi masjidlar qurilishi, joriy va kapital ta'mirlash ishlari uchun:

  • – 2018 yilda 10 ta masjidga 400 million so‘m;
  • – 2019 yilda 17 ta masjidga 2 milliard 300 million so‘m;
  • – 2020 yilda 26 ta masjidga 1 milliard 395 million so‘m;
  • – 2021 yilda 32 ta masjidga 1 milliard 157 million so‘m, jami, 85 ta masjidga 5 milliard 252 million so‘m xayriya qilingan.

Aholining diniy-ma'rifiy ilmlarini oshirish va masjidlardagi kutubxonalarni yanada boyitish maqsadida:

  • – 2018 yilda 1290 dona;
  • – 2019 yilda 6286 dona;
  • – 2020 yilda 3222 dona;
  • – 2021 yilda 83 640 dona kitob, o‘tgan davr mobaynida jami qiymati 2 milliard 95 million 873 ming 640 so‘mlik, 94 438 dona kitob masjidlar uchun vaqf qilingan.

Shuningdek, moliyaviy nochor, kam daromadli masjid imom-xatiblari uchun fond tomonidan 2018 yildan uzluksiz oylik maosh tayinlanib, o‘tgan vaqt mobaynida 6 milliard 976 million so‘mdan ziyod mablag‘ maosh sifatida to‘lab berilgan.

Pandemiya davrida respublikamizdagi 2090 dan ortiq masjidlarda mehnat qilayotgan imom-xatib, imom noibi, mutavalli, muazzin, qorovul va boshqa texnik xodimlarning barchalariga moddiy yordam uchun 65 milliard 873 million so‘m xayriya sifatida ajratildi.

2018 yil 16 aprelda prezident farmoni asosida tashkil etilgan fondning asosiy vazifalaridan biri masjidlar binolarini qurish, ta'mirlash, rekonstruksiya qilish, obodonlashtirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash hamda masjidlar xodimlarini, xususan imom-xatiblar, imom noiblari, mutavallilar, muazzinlarni moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi. 

Mavzuga oid