21:54 / 25.05.2021
4858
Tayvandagi qurg‘oqchilik dunyo elektronika bozorida narxlar oshishiga olib kelishi mumkinligi aytildi

 Global isish mamlakatda elektr energiyasi va suv resurslari yetishmovchiligiga olib keldi. Bu esa Tayvandagi mikrosxema ishlab chiqaruvchilar faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. 

Foto: Creative Commons

Tayvandagi iqlim muammosi sababli dunyo bo‘yicha mikrosxemalar yetkazib berishdagi uzilishlar va elektronika hamda avtomobillar narxi oshishiga olib kelishi mumkin. Yarimo‘tkazgichli chiplar yetkazib beruvchi dunyodagi eng yirik eksportyor mamlakat suv va elektr tanqisligi bois ishlab chiqarishdagi muammolar kuchayganini ma'lum qildi, deb yozmoqda Bloomberg.

Tayvanda bir yildan beri davom etayotgan qurg‘oqchilik milliy iqtisodiyotni jiddiy zarba ostiga qo‘ydi. Global isish mamlakatda elektr energiyasi va suv resurslari yetishmovchiligiga olib keldi. Bu esa Tayvandagi mikrosxema ishlab chiqaruvchilar faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. 

«O‘rta muddatli istiqbolda oziq-ovqat xavfsizligi va yarimo‘tkazgich sanoatiga kiritilayotgan investitsiyalar nuqtai nazaridan energiya va suv Tayvan uchun hal qiluvchi omilga aylanadi», — dedi Fransiyaning Natixis investitsiya banki vakili.

Tayvandagi iqlim o‘zgarishini monitoring qiluvchi Taiwan Adaptation Platform saytiga ko‘ra, 1957 yildan 2006 yilgacha bo‘lgan davr ichida mamlakatda yoz fasli bir oyga uzaydi, qish esa mos ravishda 30 kunga qisqardi. Oxirgi yuz yil davomida o‘rtacha harorat 1,3 darajaga ko‘tarildi. 

Top