13:04 / 27.05.2021
7513

Davlat organlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari ham ochiq bo‘lishi kerak - Akmal Burhonov

Amaldorlarning mol-mulki haqidagi ma'lumotlar ochiqlanishi (deklaratsiya qilinishi) korrupsiyaga qarshi kurashda asosiy omil sifatida ko‘p gapirildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining o‘zi mol-mulkini ochiqlay oladimi? Amaldorlarning qo‘shimcha fondlardan mablag‘ olishida korrupsiya elementlari bormi? Aksilkorrupsiya agentligi direktori Akmal Burhonov Kun.uz savollariga javob berdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining o‘zi mol-mulki, aktivlari va daromadlarini ochiqlay oladimi?

— Ochiqlay olasizmi emas, birinchi o‘rinda biz namuna ko‘rsatishimiz kerak. Avvalo, men oila a'zolarimning mol-mulkini deklaratsiyalashga majburman. Birinchidan, aynan shu tashkilot, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining vakili sifatida majburman, ikkinchidan, biz bunga namuna bo‘lishimiz kerak, uchinchidan, bunga tayyormiz. Tizim ishga tushgan kuniyoq agentlik xodimlari, rahbariyati mol-mulkini deklaratsiyalaydi.

Budjetdan tashqari fond va jamg‘armalardan ham qo‘shimcha pul mablag‘lari oladigan amaldorlar daromadlarining shakllanishida korrupsiya holatlari bormi?

Amaliyotda ko‘plab davlat xizmatchilari bazaviy oyliklaridan tashqari turli jamg‘armalardan, budjetdan tashqari mablag‘lar, qo‘shimcha ustamalar olib oyliklari ikki-uch barobarga oshib ketgan holatlar bor. Agar bu holatlar haqiqatan KPI tizimi, ya'ni o‘zlarining mehnatlariga yarasha bo‘ladigan bo‘lsa, buning hech qanaqa yomon joyi yo‘q, deb o‘ylayman. O‘sha tashkilotning xatti-harakatlari, faoliyati natijasi o‘laroq bu pullar budjetdan tashqari fondda ko‘paygan bo‘lsa, bu xodimlarga berilishi kerak, ammo jamoatchilikka ochiq bo‘lishi kerak. 

Hozir davlat xizmatchilari daromadlari, mol-mulkini deklaratsiyalash tizimini tezlatishimiz, ya'ni daromadlarini qayerdan topayotganini, ikkinchisi, turli jamg‘arma va fondlardan kelib tushadigan mablag‘lar va ularning sarflanishini ochiqlashimiz kerak.

Amaldorlarning qo‘shimcha daromadlari borasida agentlik o‘rganishlar o‘tkazganmi?

— Har qanday fuqaro har yili daromadlarini deklaratsiyalashi kerak. Bu majburiy. Bugungi kunda Korrupsiyaga qarshi kurash agentligining deklaratsiyalashni nazorat qiladigan vazifasi yo‘q, bu agentlik to‘g‘risidagi yangi qonun loyihasida aks ettirilyapti, ya'ni deklaratsiyalashni talab qilish va daromadlarini ochiqlamagan taqdirda ularni javobgarlikka tortish masalasi bor. Shu qonun qabul qilingandan so‘ng biz davlat xizmatchilarining qo‘shimcha mablag‘larining kelib chiqish manbalarini ko‘rsatishini ta'minlash bo‘yicha vazifalarimizni amalga oshiramiz.

Antikorrupsiya agentligi direktori Akmal Burhonov

Yirik xaridlarni (uy-joy, avtomashina, ulushlar) naqdsiz to‘lovlar orqali amalga oshirish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— O‘tgan yildan ochiqcha gapirila boshlandi, O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotning salmog‘i 50 foizga yetdi. Yashirin iqtisodiyot deganda aylanma, bankka rasmiy hisob-kitoblardan o‘tmaydigan naqd pullar hisoblanadi. E'tibor beradigan bo‘lsak, bizda pora predmeti sifatida ko‘proq naqd pul va AQSh dollari hisoblanadi. Buni qora bozor, ya'ni xufiyona iqtisodiyotning pullari deb aytsa bo‘ladi. Ikkinchi masala, naqdsiz shaklga o‘tish. Bundan 10 yilcha oldin xufiyona iqtisodiyotning salmog‘ini qisqartirish maqsadida naqd puldan naqdsizga o‘tish tendensiyasi kuzatilgandi. Unda ham turli xil sxemalar fuqarolar noroziligiga sabab bo‘lgandi, o‘tgan yil oktyabrda ham bu masala ko‘tarilganda, xufiyona iqtisodiyotning salmog‘ini kamaytirish bo‘yicha masala ko‘tarilganda ayrim ekspertlar naqd pulsiz tizimga o‘tish masalasini ko‘targandi. Tizim tayyor bo‘lmasdan majburiy naqd pulsiz tizimga o‘tkazish korrupsion sxemalar yuzaga kelishi va oqibatda yana fuqarolarga qiyin bo‘lishi haqida gap ketdi.

Bugungi kunda shunday mexanizmlar o‘ylanyaptiki, naqd pulsiz hisob-kitoblarni rag‘batlantirish masalasi. Masalan, Yaponiyada sizga naqd puldan ko‘ra naqdsiz plastik kartochkalardan foydalanish ko‘proq foyda keltiradi. Biz mana shunday rag‘batlantiruvchi tizimni yo‘lga qo‘ya olishimiz kerak.

Top