16:01 / 29.05.2021
39366

«O‘zbekkonsert»ga yangi rahbar tayinlandi

“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi rahbariyatida o‘zgarish yuz berdi. Bu haqda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ma'lum qildi.

“Vazirlikning ijro apparati rahbari, yetuk mutaxassis, o‘z ishining ustasi, mustaqil fikriga ega, prinsipial, madaniyati va ma'naviyati kuchli, to‘g‘riso‘z, shuningdek, hamkasblari bilan munosabatda diplomat, jamoaning manfaati yo‘lida o‘z shaxsiy manfaatlariga qarshi bora olishga qodir, vazirlikning maqsadi yo‘lida sobitqadam, munosib o‘rniga ega yosh rahbar Jamoliddin Uzoqovga mas'uliyatli vazifa yukladik.

Turli masalalarda o‘z shaxsiy fikriga ega ekanini, asosiysi, jamoa ahilligini ta'minlashda, bir maqsad yo‘lida mushtarak qilishda, o‘z ishiga jiddiy yondashgan holda prinsipial pozitsiyadan turib muassasaning oldiga qo‘ygan maqsadlarini amalga oshirish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatishini inobatga olib Jamoliddin Uzoqovni vazirlikda Ijro apparati rahbarligi bilan bir asnoda, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi rahbari lavozimiga tayinladik”, deb yozadi Ozodbek Nazarbekov o‘z telegram-kanalida

Ma'lumot uchun, 2020 yilning noyabr oyi boshlarida Madaniyat vazirligi Konsert-tomosha faoliyatini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlab kelgan Anvar Tojiboyev “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangandi. 

Undan avval, 2020 yil iyun oyi boshlarida 2017 yildan buyon muassasaga rahbarlik qilib kelgan Odiljon Abduqahhorovning boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan muassasa direktorining ijodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Alisher Jamoliddinov vaqtincha direktor vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.

Mavzuga oid
Top