10:19 / 05.06.2021
30726
Qanday qilib Daniyaga ketish mumkin?

Daniyada istiqomat qilgan vaqtim ko‘pchilik Daniyaga borish yo‘llari haqida so‘ragandi. UzbekLife kuzatuvchilari uchun ushbu maqola orqali Daniyaga borish yo‘llari haqida ma'lumot bermoqchiman.

1. Sayyohlik vizasi orqali. Daniya Shengen hududiga kiruvchi 26 ta davlatdan biri. Demak, Daniyaga tashrif buyurishning eng oson yo‘li – sayohat uchun Shengen vizasini olish.

Bunda Shengen hududiga kiruvchi istalgan davlatning O‘zbekistondagi elchixonasiga kerakli hujjatlarni topshirasiz, tamom. Sayyohlik vizasini olishda talab etiladigan eng muhim hujjatlar: bank hisobingizda sayohat davomidagi xarajatlaringizni to‘liq qoplashga yetarli mablag‘ borligi ko‘rsatilgan ma'lumotnoma, borish-kelish samolyot chiptalari, sug‘urta polisi va sayohatingiz davomida qolish uchun biror mehmonxona yoki kvartira ijaraga olingani (Booking.com, Airbnb.com va h.k. orqali) haqidagi ma'lumotnoma.

2. Ish vizasi. Ish vizasining ko‘p turlari bor. New to Denmark saytiga kirsangiz, ish vizasiga ariza topshirish sahifasi sizdan 2 ta savol so‘raydi:

Siz olimmisiz? Ha/Yo‘q.

Daniyada maoshli ish taklifini olganmisiz? Ha/Yo‘q.

Ikkala savolga ham yo‘q javobini bersangiz, quyidagi viza turlariga topshirishingiz mumkinligi aytiladi:

A. Establishment card. Daniya oliygohida magistratura yoki doktoranturani tamomlab, Daniyada ishlab qolmoqchi bo‘lganlar uchun. O‘qish tugadi, yashash ruxsatnomangiz muddati ham. Shunda Establishment card’ga topshirasiz va sizga ish topishingiz uchun yana 2 yillik yashash ruxsati beriladi.

E'tibor bering! O‘qish tugaganidan keyin 1 yil ichida topshirishingiz kerak. Keyin topshirolmaysiz.

Shartlari:

– O‘zingiz va oilangizni bir yil davomida ta'minlash uchun yetarli mablag‘ingiz bo‘lishi kerak (2021 yil holatiga ko‘ra):

  • Yolg‘iz bo‘lsangiz –  90 492 krona (14 800 AQSh dollari);
  • Turmush o‘rtog‘ingiz bilan birga qolsangiz – 180 984 krona (29 600 AQSh dollari);
  • Ham turmush o‘rtog‘ingiz, ham farzandlaringiz bo‘lsa – 268 812 krona (43 960 AQSh dollari).
  • Faqat farzandlaringiz bilan qolsangiz – 178 320 krona (29 160 AQSh dollari).

B. Startap ochish. Biror innovatsion g‘oya asosida Daniyada startap ochmoqchi bo‘lganlar uchun. Bu viza yiliga 75 kishiga beriladi.

Shartlari:

– Biznes g‘oyangiz Daniya tadbirkorlar uyushmasi tomonidan ma'qullanishi kerak.

– O‘zingiz va oilangizni bir yil davomida ta'minlash uchun yetarli mablag‘ingiz bo‘lishi kerak (2021 yil holatiga ko‘ra):

  • Yolg‘iz bo‘lsangiz – 140 376 krona (22 959 AQSh dollari);
  • Turmush o‘rtog‘ingiz ham kelsa – 280 752 krona (45 911 AQSh dollari);
  • Ham turmush o‘rtog‘ingiz, ham farzandlaringiz kelsa – 326 940 krona (53 464 AQSh dollari);
  • Bir yoki undan ortiq farzandingiz bilan birga bo‘lsangiz (turmush o‘rtog‘ingiz Daniyaga kelmasa) – 186 564 krona (30 509 AQSh dollari).

– Biznesni boshqarishda muhim rol o‘ynashingiz kerak. Ya'ni chetdan turib ochgan startapingizni boshqarish iloji bo‘lsa, Daniyaga kelishingiz shart emas deb topiladi va viza berilmaydi.

C. Avtorizatsiya. Shifokor, stomatolog yoki hamshira bo‘lsangiz va Daniyada ishlamoqchi bo‘lsangiz, bu yerga kelib dat tilini o‘rganish va kasbiy imtihonlardan o‘tib, kasbingiz bo‘yicha ishlash ruxsatini olishingiz uchun 3 yillik yashash ruxsatnomasi berilishi mumkin.

Shartlari:

– The Danish Patient Safety Authority tashkiloti sizning diplomingizni yaroqli deb topishi lozim.

– O‘zingiz va oilangizni birinchi 6 oy davomida ta'minlash uchun yetarli mablag‘ingiz bo‘lishi kerak (2021 yil holatiga ko‘ra):

Yolg‘iz bo‘lsangiz – 37 314 krona (6102 AQSh dollari);

Turmush o‘rtog‘ingiz ham siz bilan birga kelsa – 74 628 krona (12 204 AQSh dollari);

Ham turmush o‘rtog‘ingiz, ham farzandlaringiz kelsa – 89 532 krona (14 641 AQSh dollari);

Bir yoki undan ortiq farzandingiz bilan birga bo‘lsangiz (turmush o‘rtog‘ingiz Daniyaga kelmasa) – 74 622 krona (12 203 AQSh dollari).

Avtorizatsiya vizasi ishlash huquqini bermaydi. Faqat til o‘rganib, kasbiy imtihonlarni topshirgandan keyingina ishlash mumkin.

Agar olim bo‘lsangiz va/yoki sizga chet elliklarni ishga chaqirish huquqiga ega kompaniya ish taklifini yuborgan bo‘lsa, quyidagi viza turlarini olishingiz mumkin:

1) Fast-Track

2) Researcher

3) Employed PhD

Qisqasi, Daniyaga ish vizasini olish uchun o‘ta malakali mutaxassis bo‘lish va chet eldan turib Daniyadan ish topish zarur. Chetdan turib ish topish esa juda-juda qiyin masala.

Maqsud Salomov,

UzbekLife’ning Ispaniyadagi kolumnisti

Top