09:40 / 07.06.2021
3539
Samarqand viloyatining qator shahar va tumanlarida ichimlik suvi ta'minotida uzilishlar kuzatilmoqda 

Samarqand viloyatining qator shahar va tumanlarida ichimlik suvi ta'minotida uzilishlar kuzatilmoqda. “Samarqand suv ta'minoti” korxonasi ushbu holatga izoh berdi.

Ma'lum qilinishicha, viloyat aholisining toza ichimlik suvi ta'minoti yerosti suv zaxiralari hisobidan “Samarqand suv ta'minoti” korxonasiga qarashli suv inshootlari tomonidan amalga oshiriladi. 

“Hozirda yog‘ingarchiliklarning yo‘qligi va Zarafshon daryosi o‘zanida suv oqimining kamligi sababli yerosti suvlarining sathi (debiti) pastlashib ketgan. 

Natijada, inshootlardagi nasos uskunalarining mo‘'tadil ishlashida yerosti suvi zaxirasining yetishmasligi sababli Samarqand, Kattaqo‘rg‘on shaharlari, Past Darg‘om, Nurobod, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Paxtachi, Narpay, Payariq va Oqdaryo tumanlari aholisining toza ichimlik suvi ta'minotida uzilishlar kuzatilmoqda”, deyiladi ma'lumotda.

“Samarqand suv ta'minoti” MChJ ma'muriyati markazlashgan ichimlik suvi iste'molchilaridan joriy yil tabiiy qurg‘oqchiligi sababli suv ta'minotida kuzatilayotgan kamchiliklar – suv yetishmovchiligi uchun uzr so‘ragan hamda mazkur holat tez orada Zarafshon daryosi o‘zanida suv oqimining oshishi va bu bilan bog‘liq yerosti suvlari zaxirasi sathining ko‘tarilishi bilan o‘z yechimini topishini ma'lum qilgan.

“Shu bilan birga, korxona ma'muriyati iste'molchilardan ichimlik suvidan maqsadli foydalanish, behuda isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘ymaslikni so‘raydi”, deyiladi “Samarqand suv ta'minoti” izohida.

Top