13:47 / 09.06.2021
26532
«Nahot Rossiyaning qurolini Amerika o‘qlab tursa?» – Zelenskiy AQSh va G‘arb Rossiyaga nisbatan «yumshoqlik qilayotgani»dan arz qildi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiyaning «Shimoliy oqim-2» gaz tranzit loyihasi qurilishiga katta davlatlar qarshilik qilmayotganidan yomon ma'noda ajablandi. Zelenskiy bejiz Putin bilan uchrashuvdan avval Bayden bilan yuzma-yuz gaplashib olmoqchi emas, u AQSh Rossiyaga ko‘proq bosim o‘tkazishini xohlaydi.

Foto: PRESIDENT OF UKRAINE

Zelenskiy 4 iyun kuni Amerikaning Axios nashriga bergan intervyusida «Shimoliy oqim-2» tranzit loyihasiga nisbatan sanksiyalar qo‘llanmayotganidan noroziligini bildirdi. Qizig‘i, aynan o‘sha kuni Rossiya loyiha bo‘yicha ilk yo‘nalishda quvurlar to‘liq ulab bo‘linganini e'lon qildi. Rossiyaning bu ulkan loyihasi Yevropaga Ukrainani aylanib o‘tib, gaz uzatib berishga qaratilgan. U Boltiq dengizidan o‘tib, Rossiyani Germaniya bilan bog‘laydi.

Ukraina prezidenti «Shimoliy oqim-2» baribir ishga tushmasligiga, Jo Bayden bu loyihaga qarshilik ko‘rsatishiga hali ham ishonmoqda. Zelenskiy Bayden bu qurilishni to‘xtatishi uchun xuddi Maykl Jordan kabi harakat qilishi kerakligini aytib o‘tdi. Ukraina yetakchisi G‘arbning Rossiyaga aytarli bosim o‘tkazmayotganidan ajablanib, balki e'tiborni o‘ziga qaratish maqsadida bir hafta ichida ikkita nashrga intervyu berdi.

U Axios'dan tashqari Germaniyaning Frankfurter Allgemeine nashriga intervyu berib, G‘arbning Rossiyaga nisbatan e'tiborsizligidan xafaligini ma'lum qilgan. Zelenskiy nihoyat Jo Bayden bilan telefonda gaplashishga muvaffaq bo‘ldi. 7 iyun kuni tunda AQSh va Ukraina yetakchilari telefon muloqoti o‘tkazgan.

«Bu Rossiyaning qo‘lidagi qurol»

«Shimoliy oqim-2» Rossiyaning qo‘lidagi haqiqiy qurol. Amerika bu qurolga patron uzatib turgan bo‘lishi mumkinligi kutilmagan va ajablanarli holat. Men ularni butun dunyoga rivojlanish va demokratiya bo‘yicha o‘rnak deb bilardim. Aynan shunday omillar Ukrainani himoya qilishiga ishonardim», degan Ukraina prezidenti kinoya bilan. Uning fikricha, AQShning bu tranzitga qarshi sanksiya kiritmasligi Ukraina va AQShning strategik munosabatlari nuqtayi nazaridan to‘g‘ri emas.

Zelenskiy Frankfurter Allgemenie nashriga bergan intervyusida «Shimoliy oqim-2» tranzitini Qrimning bosib olinishi bilan teng ekanini aytgandi. Uning fikricha, bu tranzit Rossiyaga Kiyev va butun Yevropaga qo‘shimcha bosim o‘tkazish imkonini beradi.

5 iyun kuni Putin tranzitning birinchi yo‘nalishi tayyorligini aytgach, Ukraina ichki ishlar vaziri Arsen Avakov Ukraina hududidagi gaz o‘tkazgichlarida (Rossiyaga tegishli o‘tkazgichlar nazarda tutilmoqda) terakt xavfi paydo bo‘lganini aytdi. Uning fikricha, Rossiya shu orqali yangi qurilayotgan «Shimoliy oqim-2» tranzitini tezlashtirish ehtiyoji borligini ko‘rsatishi mumkin: «Provokatsiya bo‘lishini va bizning hududimizdan o‘tgan gaz o‘tkazgichlarda teraktga urinishlar bo‘lishini kutyapmiz. Keyin esa «Ko‘rdingizmi ular nima qilishyapti, shu uchun biz «Shimoliy oqim-2» orqali gaz sotamiz», deyishadi», degan ichki ishlar vaziri.

Jordan usulidagi siyosat

Vladimir Zelenskiy «Shimoliy oqim-2» loyihasi barbod bo‘lishiga va bu Jo Baydenning qo‘lida ekaniga ishonmoqda: «Hammasi AQSh prezidentining qo‘lida. Ular bu haqda bilishiga ishonchim komil. Bu bir vaqtlar Maykl Jordan ko‘rsatgan o‘yinlarni eslatmoqda. Jordan raqibni aldash uchun ko‘p hiylalar qilar, hatto o‘zini biror yeri og‘riyotgandek tutardi. Bu esa raqibda g‘alabaga yaqinlashishdek aldamchi tuyg‘u uyg‘otar, keyin Jordan hammasini barbod qilib, oxirida g‘alabani ilib ketardi. Shu sababli men Bayden siyosatdagi Jordan ekaniga ishonaman. Bayden hal qiluvchi uch ochkolik zarbasini hali bermagani va bu uning taktikasi ekaniga ishongim keladi», degan Zelenskiy.

Ukraina prezidenti bu gaz o‘tkazgichning ishga tushishi AQShning va xususan Baydenning mintaqadagi mag‘lubiyati bo‘ladi, deb hisoblaydi: «Bu Rossiyaning geosiyosiy g‘alabasi bo‘ladi va u mintaqada qo‘shimcha ta'sirga ega bo‘ladi». Qizig‘i, Ukrainada gaz o‘tkazgich hamon qurilayotganiga Zelenskiyning yumshoq siyosatini sabab qilib keltirishmoqda.

Bayden bilan telefon suhbati

Vladimir Zelenskiy AQSh va Rossiya yetakchilari uchrashuvidan oldin Bayden bilan yuzma-yuz gaplashishi kerakligi haqida ko‘p marta eslatdi. Amerikaliklar boshida bu iltimosni yerda qoldirishdi. Ammo 7 iyun kuni tunda Bayden va Zelenskiy telefonda gaplashishdi. Suhbat davomida Bayden Zelenskiyni yozda Oq uyga taklif qilib, Ukrainani doim himoya qilishini ma'lum qilgan.

Oldinroq Zelenskiy 16 iyungacha Bayden bilan dunyoning istalgan yerida, istalgan vaqtda ko‘rishishini aytgandi. Zelenskiydan AQSh prezidenti avval u bilan emas, Putin bilan uchrashsa, nima bo‘lishini so‘rashdi. Zelenskiy esa bunga javoban Baydenning bu qarori siyosiy ishora bo‘lishini aytib, dunyodagi davlatlar katta imperiyalar, buyuk derjavalar va qolgan mamlakatlardan iborat ekanini kinoya qilib aytdi.

Axios nashrida Zelenskiyning intervyusi haqida e'lon qilingan materialda go‘yoki Oq uydagi manba Bayden va Zelenskiy AQSh yetakchisining Putin bilan uchrashishidan avval ko‘rishishini aytgani haqida ma'lumot paydo bo‘ldi. Nashrda yozilishicha, bu reja Zelenskiy «Naftogaz» kompaniyasi rahbari Andrey Kobolevni ishdan olgach, barbod bo‘lgan. VVS bu borada Ukraina prezidenti rasmiy vakilidan munosabat olgan va Zelenksiyning OAV bo‘yicha maslahatchisi Mixail Podolyakning aytishicha, Kobolev «Shimoliy oqim-2» qurilishi fonida o‘z manfaatini o‘ylab harakat qilgan.

«Yevropa sivilizatsiyasi devori»

Zelenskiy bir necha marta Ukraina kelajakda NATO a'zosi bo‘lishiga ishonishini ta'kidlab keladi. U amerikalik jurnalistlar bilan suhbatda G‘arb bu borada amaliy harakatlarga o‘tishi kerakligini aytdi. 2008 yilda bayon qilingan NATO pozitsiyasiga ko‘ra, Ukraina ertami kechmi baribir alyans a'zosiga aylanadi. Biroq Ukrainadagi G‘arb bilan integratsiyalashuvni xohlovchi siyosatchilarning fikricha, bunday bayonotlar quruq gaplardan iborat va ular amaliy harakatlarni anglatmaydi.

Zelenskiy Bayden bilan uchrashganda birinchi bo‘lib quyidagicha savol berishini aytgandi: «Mister prezident, nega biz haliyam NATOda emasmiz?»

O‘tgan hafta amerikalik senatorlar bilan uchrashgan Zelenskiy bu masalani yana ko‘tardi va Ukraina NATOga qo‘shilishi borasida hech qanday signal yo‘qligi Rossiyaning Yevropadagi pozitsiyasi kuchayishiga olib kelishini ta'kidladi. Ekspertlarga ko‘ra, NATO a'zolari hozirgacha davom etayotgan Ukraina-Rossiya mojarosiga aralashishni xohlamayotgani uchun Ukraina alyansga kirishi kechikmoqda. Zelenskiy buni NATO a'zolari tomonidan ko‘rsatilayotgan «siyosiy o‘zimbo‘laylik» deb izohladi. Uning fikricha, bunday egoizm uchinchi jahon urushiga olib kelishi mumkin.

«Menimcha, bu adolatdan emas. Axir biz inson huquqlari, Yevropa tamadduni, barcha intilayotgan bu g‘oyalarni himoya qiluvchi devor bo‘lib turibmiz», dedi Ukraina yetakchisi bu haqda.

Ukrainaning NATOga qo‘shilishi Rossiya bilan munosabatlarni keskin yomonlashtirishi va bu urushni keskinlashtirishi mumkin. Zelenskiy bu haqda ham gapirdi: «Bu borada tarixiy asos bor deb o‘ylayman. 2014 yil urush boshlandi. O‘shangacha biz Rossiya bilan juda yaxshi munosabatda edik, u vaqtda Donbassda hech kim Rossiyaga qo‘shilish haqida o‘ylamayotgandi. Ha, bu navbatdagi istiloga urinishga sabab bo‘lishi mumkin, ammo aynan shu sabab Rossiya urush boshlashiga ishonish qiyin.

Menimcha, NATOga yo‘l biz uchun ochiq. Bu borada aniq harakatlar bo‘lsa, bu boradagi kelajagimiz durbin bilan qarashli darajada uzoq emas. Muammo tezroq yechilishi kerak deb o‘ylayman, chunki biz aynan hozir yordamga muhtojmiz, o‘rtada mustaqillik maqsadi turibdi», degan prezident.

Urushning taxminiy ssenariysi

Zelenskiy nemis nashriga bergan intervyusida Donbassdagi holat chindan og‘ir ekanini ta'kidladi. Uning aytishicha, hujum uch tomondan kelishi mumkin. Ya'ni sharqdan – tan olinmagan Donbass respublikasidan, janubdan – Rossiya bosib olgan Qrimdan yoki dengizdan, shimoldan – Belarus tomondan. Ukraina prezidenti hududdagi holatni xavfli deb atadi.

Amerikalik jurnalistlar bilan suhbatda ham bu haqda gapirar ekan, Zelenskiy Ukraina chegarasi yaqinida joylashtirilgan rus askarlarining maqsadlarini aytdi: «Ular ko‘proq ruhiy bosim o‘tkazini xohlab, go‘yoki chegara aslida kimning nazoratida ekanini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lishdi».

Zelenskiyning aytishicha, aynan mana shu sababdan prezident AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashuv vaqtida Qora dengiz va Azov dengizida harbiy ko‘makni kuchaytirishni so‘ragan: «Tan olish kerak, Rossiya Qora dengizda yaqqol yetakchilik qilmoqda. Qaniydi bizda ham chegaralarimizni himoya qilish uchun shunday texnik imkoniyatlar bo‘lsa», degan Zelenskiy. Nemis nashri bilan suhbatda prezident Germaniya ham Ukraina uchun ko‘proq yordam berishi mumkinligini eslatgan.

Top