18:37 / 11.06.2021
6671
«Budjetdan tashqari» ishlatilayotgan pullar qomusimizning asosiy prinsiplariga zid – Behzod Hoshimov

Davlat tashkilotlarida hech qanday «budjetdan tashqari mablag‘lar» mavjud emas. Ya'ni davlat tashkilotlaridagi barcha mablag‘lar jamoat mablag‘lari. Oddiy tilda – xalq puli.

Iqtisodchi, AQShning Viskonsin universiteti doktoranti Behzod Hoshimov davlat tashkilotlaridagi «budjetdan tashqari mablag‘lar» xususida fikr bildirdi.

«Budjetning qaysidir qismiga «budjet» deb nom qo‘ysak, qolganiga unday nom bermasak, «budjet» deb nomlanmagan qismi budjetmas bo‘lib qolmaydi. Bu bojxona bojlarini «soliq» deb nomlamaganimiz uchun, ular soliq bo‘lib qolmaydi, degan gapdek, go‘yo. Shuning uchun ham, qonunan, sudlar buni hal qilishi kerak, masalan, xalq pulini «budjetmas» qismi bo‘lishining qonuniyligi haqida menga fikr eshitish qiziq.

Ikkinchi tarafdan, davlat hokimiyat idoralarining o‘zlari mablag‘ topishlari ham g‘alati. Agar bordi-yu, ular bexosdan yoki qandaydir sabablarga ko‘ra, pul topib qo‘yishsa, barcha yig‘ilgan pullarini budjetga o‘tkazishlarini ta'minlovchi qonun bo‘lishi kerak. Masalan, deylik, jarima orqali yig‘ilgan pullar, o‘sha jarimalarni yig‘gan idoraga emas, to‘g‘ri budjetga, ya'ni Moliya vazirligiga o‘tishi kerak. Bu shunchalik muhim narsaki, davlatdan mustaqil faoliyat olib boradigan Markaziy bank ham, agar, qandaydir operatsiyalar natijasida foyda ko‘rsa, shu foydaning yuz foizini budjetga o‘tkazishi kerak (eng mustaqil MBlar ham shunday qilishadi).

Bordi-yu, o‘z xarajatlarini o‘sha idora moliyalashtirmoqchi bo‘lsa, marhamat, budjetga kiritib, qonuniy tarzda pulni olishsin, «budjetdan tashqari» ishlatilayotgan pullar qomusimizning asosiy prinsiplariga zid. Shunda, menimcha, davlat organlari iloji boricha pul topish degan maqsaddan voz kechadi va budjetdan tashqari fondga qanday qilib pul topish bilan emas, o‘zlarining qonuniy mas'uliyat va vakolatlariga amal qilish bilan band bo‘ladilar.

Uchinchi masala, davlat korxonalari ham, idealda, kvazifiskal (budjet-soliq siyosatining o‘rnini bosuvchi) ishlar qilmasligi kerak. Masalan, davlat korxonasi qandaydir park qurishi, kutubxona, mehmonxona qurishi yoki sport klubiga pul berishi, hatto nogiron bolalar uchun oromgoh qurishi ham, albatta, katta xato. Bizda budjet qonunlari bor. Budjetni xalq vakillari ko‘rib chiqadi va prezident tasdiqlaydi. Xalq pulini taqsimlash shaffof va odil bo‘lishi uchun bizda qonuniy mexanizmlar mavjud. Lekin davlat korxonasi qaysidir ko‘chada truba alishtirishi, bu mavjud bo‘lgan qonuniy prinsiplardan chetlanib, davlat va hukumatning, eng muhimi, budjetni taqsimlash uchun yagona davlat idorasi – Qonunchilik palatasining vakolatlarini korxona rahbariyatiga berishga tenglashib qoladi. Davlat korxonasi topgan foyda – uning aksioneri, ya'ni xalqniki, demak xalqning pulidek taqsimlanishi ham kerak. Korxona rahbariyati bu ishni qilishi, butun boshli davlat apparatining o‘rnini bosishdek gap. Bu yaxshi emas. Xuddi Davlat soliq qo‘mitasi, yig‘gan soliqlarni o‘zlari xohlagan joyga taqsimlamasliklari kabi, davlat korxonalari ham, topgan foydalarini «fiskal maqsadlarda», ya'ni notijoriy maqsadlarda sarf etishi, albatta, tugatilishi kerak», deya ta'kidladi iqtisodchi.

9 iyun kuni Mudofaa vazirligi tomonidan Davlat xaridlari portaliga 30 million so‘mga premium-klassdagi tilla qoplamali 2 dona ruchka sotib olish taklifi joylashtirilgach, internetda jiddiy e'tirozlar bildirildi. Vazirlik holat yuzasidan rasmiy izoh berib, bu pul miqdori vazirlikning «budjetdan tashqari mablag‘lari» hisobidan qoplanishini ma'lum qildi.

Avvalroq Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi direktori Akmal Burhonov davlat orgonlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari ham ochiq bo‘lishi kerakligini ta'kidlab o‘tgandi.

Top