07:52 / 11.06.2021
6240
O‘zgaruvchan ob-havo go‘sht narxiga oshiruvchi bosim ko‘rsatishi mumkin - MB

O‘zbekistonda o‘zgaruvchan ob-havo sharoitlari go‘sht mahsulotlari va sabzavotlar narxlariga oshiruvchi bosim ko‘rsatishi mumkin. Bu haqda Markaziy bank ma'lumotida aytilgan.

Foto: Kun.uz

Qayd etilishicha, inflatsiyani oshiruvchi va pasaytiruvchi omillar tahlili oxirgi oylarda inflatsiyani oshiruvchi omillar vaznining nisbatan yuqori bo‘layotganligini ko‘rsatib, inflyatsion jarayonlarni jilovlashga qaratilgan tizimli choralarni jadallashtirishni talab etmoqda.

“Bu, birinchi navbatda, yil yakunlari bo‘yicha iqtisodiyotni kreditlash hajmlari o‘sish sur'atlarining YaIM nominal hajmi o‘sishi bilan muvofiqligini ta'minlash, pul bozoridagi (2-3 foiz) real foiz stavkalari darajasining ijobiyligini saqlab qolishni taqozo etadi.

Kelgusi oylarda fiskal rag‘batlantirishlar hajmining oshishi, iste'mol va investitsion talab hajmi o‘sish sur'atlariga nisbatan yalpi taklif o‘zgarishining nomutanosib bo‘lishi ma'lum bir inflyatsion bosimlarni keltirib chiqarishi mumkin. 

Shuningdek, keyingi oylarda tarkibiy jihatdan inflyatsion omillar, asosan, jahon bozorlaridagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari dinamikasi, mevalar taklifi, avtomobil yonilg‘isi va qurilish mollari bozorlaridagi tendensiyalar bilan bog‘liq bo‘ladi”, deyiladi ma'lumotda.

Ta'kidlanishicha, jahon bozorlarida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari (kungaboqar yog‘i, shakar va boshqalar) joriy yil oktabr-noyabr oylari uchun fyuchers shartnomalari narxlari joriy holatdagi narxlardan birmuncha pasaygani kuzatilmoqda.

“Joriy yil boshidan beri kuzatilayotgan o‘zgaruvchan ob-havo sharoitlari (dala va yaylovlarda suv resurslarining kamligi) chorva ozuqasi narxlariga va takroriy sabzavot ekinlarini ekish jarayoniga ta'sir ko‘rsatib, go‘sht mahsulotlari va sabzavotlar narxlariga oshiruvchi bosim ko‘rsatishi mumkin”, deyiladi MB xabarida.  

Bildirilishicha, yuqoridagi omillar ta'sirini minimallashtirishda, birinchi navbatda, iste'mol bozorlarida raqobatni rag‘batlantirish, bozorlar va savdo tarmoqlari ko‘lamini kengaytirish, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hamda yetishtirish imkoniyatlari oshirilishi va ushbu mahsulotlarni yetishtirish uchun zaruriy yer maydonlari hamda suv resurslari ajratilishi o‘z ijobiy samarasini beradi. 

Top