19:35 / 13.06.2021
16117

Ajdodlari amir saroyida ishlagan buxorolik temirchi ota-bobosining kasbini davom ettirmoqda

Buxoroda ajdodlar kasbini davom ettirib kelayotgan usta-hunarmandlar ko‘p. Masalan, temirchilik bilan shug‘ullanib kelayotgan Shavqiddin Kamolov o‘z sulolasining oltinchi avlodi. Besh asrlik ustaxonada hozir ham mahsulotlar eski usulda, qo‘l mehnati bilan tayyorlanadi.

Buxoroga kelgan turistlar Arkni tomosha qilish bilan birga xalq tilida Saroy Kulita deb nomlanuvchi, saroydagi XVI asrda bunyod etilgan temirchilik ustaxonasiga ham kirib o‘tishadi. Ushbu ustaxonada o‘z davrida dong taratgan usta Shamsiddin, usta Sharif kabi temirchilar ishlagan. Bugun esa usta Shokirning farzandlari — Shavqiddin va Zavqiddin Kamolovlar ota-bobolari kasbini davom ettirishmoqda.

Shavqiddin Kamolov temirchilik bilan 10 yoshidan beri shug‘ullanib keladi. Kasbining ortidan ko‘p yurtlarni kezdi. AQSh, Angliya, Chexiya kabi davlatlarga borib, o‘z mahsulotlarini sotib kelgan.

«Ustaxonamizga kelgan turistlar mahsulotlarimizdan xarid qilishadi. O‘zimizning yurtdoshlarga ham turli uy-ro‘zg‘or buyumlari — ketmon, o‘roq, bolg‘alar yasab beramiz. Turistlar esa ko‘proq Damashq po‘latidan yasalgan pichoqlar, qaychi, shamdon va turli idishlarga qiziqishadi. Ota-bobomiz qanday usulda ishlagan bo‘lsalar, biz ham o‘sha usulda, bolg‘a bilan ishlab kelyapmiz. To‘g‘ri, hozirda avtomatik bosqonlar ko‘p, ammo ulardan foydalanmaymiz. Ota-bobolarim amir saroyida ishlagan. Shu sulolaning vakili ekanligimdan faxrlanaman. Hozirda o‘g‘lim Shamsiddin Kamolov ham yettinchi avlod bo‘lib, temirchilikni o‘rganyapti», — deydi Shavqiddin Kamolov.

Ustaning ma'lum qilishicha, temirchilikning mehnati og‘ir bo‘lgani sababli chetdan shogirdlar ko‘p kelmaydi. Kelganlari ham ma'lum muddat o‘tgach, tashlab ketishar ekan. Shu sababli, sulolaning ustalari bu kasbni asosan o‘z farzandlariga kichik yoshidan o‘rgatib kelishgan.

1992 yilda temirchilik ustaxonasida muzey ham tashkil etilgan. Mazkur muzeyda sulola vakillari tomonidan turli yillarda yasalgan buyumlar, tarixiy temirchiliklar namunalari, erishilgan yutuqlar, chet davlatlardagi ko‘rgazmalarda qo‘lga kiritilgan sertifikatlarni ko‘rish mumkin. 

Shavqiddin Kamolovning ta'kidlashicha, muzeydagi eng qadrli eksponatlardan biri usta Sharif yasagan ketmon hisoblanadi. Mazkur ketmonning og‘irligi 6 kilogramm atrofida. Jaydari ketmon deb ataluvchi bu mehnat quroli o‘z sathiga bir litr suvni sig‘dira olgan ekan.

 Ruslan Saburov, Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Top