21:30 / 20.06.2021
19072

Baydenning yordamchisi AQSh Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritishini e'lon qildi

Jyeyk Sallivanning so‘zlariga ko‘ra, paket tayyor bo‘lishi bilan yangi sanksiyalar kiritiladi.

Foto: Reuters

Vashington Aleksey Navalniy bilan bog‘liq vaziyat munosabati bilan yangi sanksiyalar tayyorlamoqda. Bu haqda AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jyeyk Sallivan CNN telekanaliga bergan intervyusida ma'lum qildi.

"Birinchidan, tomoshabinlarimiz Aleksey Navalniyning zaharlanishi sababli Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritganimizni tushunishlari muhim va biz bu vaziyat bilan bog‘liq yana bir sanksiyalar paketini tayyorlayapmiz", - dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, paket tayyor bo‘lishi bilan yangi sanksiyalar kiritiladi.

Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh prezidenti Jo Bayden o‘rtasida Jyenevada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Aleksey Navalniy mavzusi ham ko‘tarilgan.

«U qamoqda o‘lib qolsa, oqibati Rossiya uchun juda yomon bo‘lishini eslatdim», degan AQSh prezidenti.

Aleksey Navalniy o‘tgan yil 20 avgust kuni Tomsk — Moskva yo‘nalishidagi parvoz vaqtida samolyotda hushini yo‘qotgandi. O‘shanda samolyot Omskka majburiy qo‘ngan va bemor zudlik bilan shifoxonaga yotqizilgandi. 22 avgust kuni esa uni koma holatida «Sharite» klinikasiga olib borishdi.

Germaniya hukumati Navalniy Rossiyada asab tizimini falaj qiluvchi, tarkibi jihatdan «Novichok» moddasiga o‘xshash jangovar modda bilan zaharlangani haqida ma'lum qildi. Germaniya qurolli kuchlari laboratoriyasida o‘tkazilgan tadqiqot natijalari uning organizmida zahar izlarini aniqladi, 14 sentabr kuni Shvetsiya va Fransiyadagi laboratoriyalarda ham bu ma'lumot tasdiqlandi.

Top