08:09 / 21.06.2021
35416

«Aqlvoy» telekanalida kichik yoshdagi bolalar uchun noma'qul bo‘lgan sahnalar efirga uzatilgan. Butun telekanal ijodkorlari tanbeh oldi

“Aqlvoy” telekanalida kichik yoshdagi bolalar uchun noma'qul bo‘lgan sahnalar efirga uzatildi. Natijada, butun telekanal ijodkorlari tanbeh oldi. Bu haqda telekanal ma'muriyati xabar berdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi kunlarda “Aqlvoy” telekanali orqali namoyish etilgan “Shahrizoda. Aytilmagan hikoyalar” va “Art-Odissey” mulseriallaridagi 2ta lavha keng jamoatchilik orasida katta muhokamaga sabab bo‘ldi.

“Afsus bilan shuni tan olamizki, bolalarda yangilikka intilish, ularni jahon madaniy merosi bilan tanishtirish, atrof-muhitni o‘rganishga qiziqish uyg‘otishga qaratilgan kontent tanlanganiga qaramay, uning ichida kichik yoshdagi bolalar uchun noma'qul bo‘lgan sahnalar inson omili sabab efirga uzatilgan.

Shuni ma'lum qilamizki, “Aqlvoy” telekanali har jihatdan hali juda yosh va joriy yilning 22 martidan boshlab test rejimida efirga uzatib borilmoqda. Tom ma'noda kanalimiz endi oyoqqa turmoqda. Yo‘l qo‘yilgan xatolar, albatta, kanalimizning kelgusida ehtiyotkorlikka amal qilishiga, uning yanada yaxshilanishi, qiziqarli va foydali bo‘lishiga turtki bo‘ladi.

Ushbu yo‘l qo‘yilgan xato bo‘yicha butun kanal ijodkorlari kerakli tanbehni oldi. Ular yana bir bor O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga ziyon yetkazuvchi axborotlardan himoya qilish” to‘g‘risidagi qonun talablari bilan tanishtirib chiqildi va ushbu qonunbuzilish holatlarida intizomiy jazo qo‘llanishi haqida ogohlantirildi”, deyiladi ma'lumotda. 

Ta'kidlanishicha, kontent nazorati kuchaytirilishi uchun telekanalga qo‘shimcha xodim ishga olinadi.

Kelajakda yuqoridagi kabi xatolarga yo‘l qo‘ymaslik uchun dublyaj bilan shug‘ullanayotgan kompaniyalar bilan qo‘shimcha kelishuvlar amalga oshirilgan. 

“Endi ularga ma'naviyatimizga zid bo‘lgan lavhalar haqida ma'lumot berib turish majburiyati topshiriladi”, deyiladi telekanal izohida.

Mavzuga oid
Top