10:00 / 29.06.2021
22726
«Mahkuma». Farzandi qamoqda tug‘ilgan ayol hikoyasi

Mehr deganda ko‘pchilik onasini eslaydi. Aksarimiz ona mehri bilan unib-o‘samiz. Afsuski, hammaga ham bunday baxt nasib etmagan. Mehrsizlik ko‘plarni yomon yo‘lga kiritib qo‘yishi, hayot zavqini tuymasligiga sabab bo‘lishi mumkin. «Mahkuma» loyihasini boshlaganimizdan beri bir xulosaga keldim: ayollarni jinoyat ko‘chasiga yetaklagan asosiy omil mehrsizlikdir. Ishoning, ularning ko‘pchiligi mehr ko‘rmay o‘sgan.

«Mahkuma»ning oltinchi soni uchun tanlagan qahramonimiz ham yaqinlar mehrini his qilmay o‘sdi, mehrsizlik ichida yashadi. Hozir esa to‘rt devor ichida farzandi bilan hayot kechirmoqda. Keling, uning taqdir hikoyasiga quloq tutamiz...

«Yelkadoshing bo‘lmasa qiyin ekan..»

«1992 yil Namangan shahrida tug‘ilganman. O‘rtahol oiladanman. Akam, men va singlim bor. 2007 yil onam vafot etdi. Dadam boshqa ayolga uylangan. 16 yoshimda turmush qurib, ikki farzandli bo‘ldim. Olti yil yashab, turli oilaviy muammolar sabab ajrashdim. Farzandlarim hozir dadasi bilan birga yashashadi. Keyin ikkinchi marta oila qurdim. Qamoqxonada tug‘ilgan farzandim ikkinchi turmushimdan. U bilan rasman ajrashmadik, lekin oradagi munosabat uzilgan, hozir o‘z oilasi bor.

2016 yil ajrashganimdan keyin ota uyimga qaytdim. To‘g‘risi, otamning uyiga sig‘may, chiqib ketdim. 4 yil o‘zim ijarada yashadim. U paytda bolalarim erim bilan birga edi. 2018 yilda yana qiz farzandli bo‘ldim. Yelkadoshi, yordam beruvchisi bo‘lmasa, ayol kishiga qiyin. Ijarada qo‘limda bola bilan qiynalganman. Hayotning og‘irliklariga chidolmay, jinoyat ko‘chasiga kirib qoldim.

Uchinchi farzandim, 2018 yil tug‘ilgan qizimni 13 yil farzand ko‘rolmagan oilaga berdim. Qizimni tug‘uruqxonadan olib chiqayotganda, turmush o‘rtog‘im farzandimning biologik otasi emasligini aytib, yozib bergan. U bu ishlarga hech qanday qarshilik qilmagan.

O‘sha vaqt oshxonada ofitsiant bo‘lib ishlardim. Birinchi turmush o‘rtog‘im bilan rasman ajrashmaganim uchun yolg‘iz ona sifatida bolamning tug‘ilgani haqidagi guvohnomasini berishmagan. Shu sabab oshpazimiz qizimni o‘z nomiga rasmiylashtirdi va chaqaloqni tug‘uruqxonadan olib chiqdik. 3 oydan keyin bolamni o‘z qaramog‘iga olgan oila ichki ishlarga ustimdan arz qilgan. Chunki o‘rtada turgan odam ulardan pul talab qilgan. Shuning ortidan javobgarlikka tortildim».

«Sinov muddati vaqtida xorijga chiqib qo‘ydim»

«2019 yil mart oyida meni 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish bo‘yicha hukm chiqdi. 57-modda bilan jazo yengillashtirildi va 3 yil ozodlikni cheklash jazosi ko‘rinishida imkoniyat berishdi. Lekin baribir ayol kishi ojiza ekan, sinov muddati cheklovini buzib, xorijga chiqib qo‘ydim. O‘z aybimga iqror bo‘lib bordim. 2020 yil 17 fevralda menga tayinlangan jazo 5 yil qamoqxonada o‘tash tartibi bilan o‘zgartirildi. 2020 yil iyunida Zangiotadagi ayollar koloniyasiga olib kelishdi.

2020 yil 22 oktyabrda farzandli bo‘ldim. Bu yerda sharoit yaxshi, ammo oddiy kulba bo‘lsa ham, o‘z uyingiz yaxshi-da... Erkim o‘z qo‘limda bo‘lgan vaqtda ozodlikning qadriga yetmagandim, bu yerga kelgach, hammasi o‘zgardi. Yaqinlarimdan uzilib qolganimni his qilganman. Namangandagi qamoqxonadan shu yerga kelganimda, maxsus forma berishdi. Bolam tug‘ilganida menga o‘xshagan forma kiysa kerak, deb qo‘rqqanman. Yo‘q, unday bo‘lmadi. Koloniyadagi bolalar uyiga joylashtirilgan bolamga tarbiyachilar yaxshi qarashadi.

Bolam 5 oylik bo‘lgunicha dadamning telefon raqamlarini topolmay yurdim. Amakim bilan gaplashib turdim. Amakim dadamning raqamini berdi, lekin qo‘ng‘iroq qilishga botinolmadim. Nimadan gap boshlashni bilmasdim. Lekin oxiri gaplashdim. Yaxshi qabul qildi. Dadam bu yerga kelmadi, amakim har ikki oyda bir kelib, xabar olib turadi».

«Hayotning achchig‘iga chidolmadim»

«Turmush o‘rtog‘im bilan aloqamiz uzilib ketgan. Bolalarim ham xabar olgani kelishmaydi. Hammasiga o‘zim aybdorman. Farzandlarimning qadriga yetmadim. Hayotning achchiqliklariga chidolmadim. Balki erta turmush qurganim uchun ko‘p narsaning qadriga yetmagandirman. Hayotning past-balandini kech tushunib yetdim. Bu yerdagi hayot hammasidan ham ko‘ra sabrli, irodali bo‘lishni o‘rgatdi. Biz nimanidir qo‘ldan boy bersak, uning qadriga yeta boshlaymiz.

Farzandimning ko‘ziga qaraganimda yig‘lagim keladi, lekin bolam siqilganimni ko‘rmasin, deyman. Yaxshi oila bekasi bo‘lishni, dadamning xizmatini qilishni, yaxshi farzand tarbiyalashni orzu qilaman. Bu yerdan chiqsam, birinchi bo‘lib dadamning oldiga borib kechirim so‘rayman».

«Bolalik gashtini surmaganman»

«Bolaligim og‘ir o‘tgan. Bolalik gashtini surmaganman. Onam kasal bo‘lib to‘shakka yotib qolgandi, biz ularga qarardik. Dadam usta, ro‘zg‘orimiz zo‘rg‘a o‘tardi. Akam erka bo‘lib o‘sdi. Kuchga to‘lgan paytidayam ishlamasdi. O‘zim ishlab, oilamga yordam berishga harakat qilardim, maktabda ko‘p darslarga borolmay qolganman. O‘ziga tinch ko‘shnilarning ishlarini qilib, ro‘zg‘orga u-bu narsa olib kirardik.

Dadam Toshkentdan narsa olib kelib ham sotardi. Bir ketsa, haftalab ketardi. Bu paytda uyda yeyishga hech narsa qolmasdi. Dadam kelgunicha onam bizni bir amallab boqib turardi. Shunday ulg‘aydik, men, singlim turmushga chiqdik, akam ham uylandi. Oilani ushlab turadigan asos mustahkam bo‘lsa, oila a'zolari jipslasharkan. Bizda shu asos mahkam bo‘lmagan. Shuning uchun har tomonga tarqalib ketganmiz.

Yoshlikda bir-birimizga mehrli edik. Ulg‘ayib, esimizni taniganimizdan keyin mehrimiz yo‘qolib boraverdi. Dadam bilan onamning bizga bo‘lgan e'tibori kamayib qoldi. Onam og‘ir kasallik – ko‘z saratoni tufayli betob bo‘lib yotib qolgan edi. Dadam onamga bor e'tiborini qaratgan. Akam, singlim qanday o‘ylashini bilmayman, lekin meni ajratib qo‘yishardi. Dadam akam, singlimga boshqacha muomala qilardi, menga esa butkul boshqacha. Dadam menga ham iliq munosabatda bo‘lishini kutib yashaganman.

Ba'zan meni asrab olishganmikin, deb o‘ylab qolardim. Barcha oilalarda opaning kiyimini singlisi kiyib katta bo‘ladi. Bizda esa teskarisi edi. Singlimga yangi kiyimlar olinardi, men esa undan qolganlari bilan katta bo‘lganman. Hozir singlim bilan butkul aloqamiz uzilgan. Eri bilan Moskvada ishlashidan xabarim bor xolos. Singlim bu yerdaligimdan xabari bor-yo‘qligini bilmayman. Akam, dadam, amakim bilsa kerak. Boshqalarga oshkor qilinmagandir, chunki dadam isnodni ko‘tarolmaydigan inson.

Mahalla-ko‘y, qarindoshlar oldida dadamning boshini egib qo‘ydim. Qarindoshlar orasida men haqimda mavzu ochilsa, dadam qochadigan bo‘lib qolgan. Bunday bo‘lishiga esa men aybdorman», deb hikoyasini yakunladi qahramonimiz.

Madina Akbarova butun suhbat davomida yig‘lab gapirdi. Hayot uni shunchalik qiynagani bir azob, bunda o‘zini aybdor deb bilishi yana bir azob. Boshqa odamlarning bergan ozori unutilib ketar, biroq inson o‘z umriga o‘zi ziyon yetkazsa, buni unutish qiyin. Maqsadimiz bugungi ko‘rsatuvimizni ko‘rgan har bir tinch oilada mehr ko‘rib o‘sayotganlar Madinaning achchiq taqdiridan xulosa chiqarsin. Kimdan ko‘p, kimdan kam bo‘lsa ham, o‘z oilasida yashayotganiga shukr qilsin. Madina Akbarovaning ham keyingi hayoti yaxshi bo‘lishidan umidimiz katta. Axir u kech bo‘lsa ham xatosini tushunib yetdi...

Muhabbat Ma'mirova,
Kun.uz muxbiri.

Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Top