18:01 / 30.06.2021
12524
Industry 4.0: yangi davr kelmoqda

Sun'iy aql sohasiga kiritilayotgan investitsiyalar va amalga oshirilayotgan tadqiqotlar Industry 4.0’ning to‘liq amalga oshishini tobora reallikka yaqinlashtirmoqda. Sun'iy aqlning o‘zi esa Industry 3.0'ning yakuni va Industry 4.0'ning asosi sifatida baholanmoqda.

Foto: SIA / Science Photo Library via AFP)

Xitoy boshlab bergan «Buyuk olovli dever» (Great Firewall) siyosati ortidan Rossiyada ham «Roskomnadzor» internet tarmoqlari ustidan nazorat kuchaytirildi. Bundan ko‘zlangan maqsad Uchinchi sanoat inqilobining «yoqilg‘i»si bo‘lgan ma'lumotni mamlakat hududida saqlab qolish edi. Bu kabi harakat hozirgi kunga kelib «buyuk davlat»lardan tashqari rivojlanayotgan davlatlarda ham kuzatilmoqda.

Ma'lumotlar bazasi ustidan nazoratni o‘rnatish ko‘plab hukumatlarning maqsadiga aylanib ulgurdi. Hukumatlar tomonidan ushbu «internetni bolqonlashtirish» siyosatiga asosiy turtki bu ijtimoiy va iqtisodiy hayotga yangi omil – sun'iy aqlning jadallik bilan kirib kelishidir. Sun'iy aql mutaxassislar tomonidan Industry 3.0'ning yakuni va Industry 4.0'ning asosi, deb bilinmoqda.

Shu nuqtayi nazardan Birinchi va Ikkinchi sanoat inqiloblarining asosi bo‘lgan zavodlarning yonilg‘isi neft, gaz yoki elektr toki bo‘lgani kabi, sun'iy aqlning yonilg‘isi ma'lumotlardir.

Birinchi va Ikkinchi sanoat inqiloblari

XVIII asrning ikkinchi yarmida Buyuk Britaniyada boshlangan sanoat inqilobining harakatlantiruvchi kuchi sifatida bug‘ mashinalari ishlab chiqarish jarayonlariga kirib keldi. Jamiyat hayotida, qishloq xo‘jaligi yoki sanoatda tub o‘zgarishlar sodir bo‘la boshladi. Yerga ishlov berishda texnika, kimyolashtirish va biologik vositalar qo‘llanishi ortiqcha ishchi kuchini siqib chiqardi. Ishsiz aholi shaharlarga ish izlab bordi hamda sanoat korxonalarida ishga yollandilar. Birinchi sanoat inqilobining o‘ziga xos jihatlarini ishsizlikning ortishi, jismoniy mehnatga bo‘lgan talabning yuqoriligicha qolishi, aholi harakati oqibatida epidemiologik vaziyatning xavfliligida ko‘rishimiz mumkin.

XIX asr oxirida kelib elektrdan keng miqyosda foydalanishga o‘tilishi ikkinchi sanoat inqilobiga asos bo‘ldi. Biroq, avvalgisidan farqli ravishda bu inqilob aholi orasida ishsizlik ortishi bilan kechmadi. Sanoat korxonalarining keng miqyosda qurilishi va konveyerlash tizimi joriy etilishi ishchi kuchiga bo‘lgan talabni oshirdi. Bundan tashqari, konveyerdagi ishchi mehnat jarayonining kichik bir qismidagi doim takrorlanib turadigan amaliyotda ishtirok etgani sababli yuqori darajada bilim va ta'lim ko‘nikmalari unga zarur emas edi.

Ikkinchi sanoat inqilobining o‘ziga xos jihatlariga jismoniy kuchga bo‘lgan talab saqlanib qolishi, ishsizlikning qisqarishi, notenglikning kamayishi hamda Buyuk Britaniya sanoat zonasidan tashqari Prussiya (Germaniya), AQSh, Yaponiya va sovetlar ittifoqining o‘z sanoat zonalarini shakllantirishlarini ham kiritish mumkin. Shu qatorda, energetika, konveyerlash tizimi va standartlashtirish natijasida mahsulotning ko‘p miqdorda ishlab chiqarilishi narxlarni arzonlashtiribgina qolmasdan, iste'mol bozorlari va resurslar uchun qirg‘inbarot urushlarga ham sabab bo‘ldi.

Uchinchi sanoat inqilobi

«Bo‘lib olingan dunyoni qayta bo‘lib olish» uchun kechgan urushlarning eng dahshatlisi va hozircha eng so‘nggisi bo‘lgan Ikkinchi jahon urushi yakunida faqatgina AQSh va sovetlar ittifoqi o‘zlarining sanoat zonalarini saqlab qola oldi. Sovuq urush fonida amalga oshirilgan kashfiyotlar esa keyinchalik yangi sanoat inqilobining asosiga aylanib bordi. Misol uchun, aynan shu davrga kelib atom energiyasidan foydalanila boshlandi, sun'iy yo‘ldosh uchirildi, kompyuter kashf qilindi va ko‘plab yangiliklar amalga oshirildi.

Kompyuterlashtirish va avtomatlashtirish esa bu o‘zgarishlarning asosi bo‘lib xizmat qildi. Sanoat inqilobi yutuqlarini yanada kengroq o‘zlashtirishning uddasidan chiqqan AQSh ta'lim tizimi va bozor iqtisodiyoti esa 1990-yillardan boshlab dunyodagi yagona sanoat zonasiga aylandi.

Uchinchi sanoat inqilobining avvalgi inqiloblardan farqi mehnat shaklini tamomila o‘zgartira oldi. Jismoniy kuchga tayanadigan ishchilar endi aqliy qobiliyatlarini ishga solishlariga to‘g‘ri keldi. Insonlar oldida bir necha tanlovlar paydo bo‘ldi:

1. Mehnat bozorini tark etib, ishsizlik nafaqasi hisobiga yashash, tilanchilik qilish yoki qora iqtisodiyot bilan shug‘ullanish;

2. Re-skilling amalga oshirish va xizmat ko‘rsatishning ofitsiantlik, yuk tashuvchilik, farroshlik kabi ko‘plab umumiy sohalarida yollanish;

3. Up-skilling orqali yangi bilimlarni o‘zlashtirish va «oq yoqali» ishchilar safiga qo‘shilish.

Ta'lim tizimining ushbu davrdagi hal qiluvchi ahamiyati ham aynan kadrlarni yuqoridagi yo‘nalishlardan qaysi biriga yo‘naltira olishida bo‘ldi. Fanlarni, ayniqsa, STEM’ga oid fanlarni samarali o‘rgata olgan davlatlar aholini yangi davrga tayyorladi. Natijada, yuqori malakali hamda yuqori maosh oluvchi ishchi potensialiga ega texnologik taraqqiy etgan davlatlar boshqalardan ajralib chiqdi.

Ikkinchi guruh davlatlar esa re-skilling amalga oshirib aholini kasb-hunarga tayyorladi yoxud ularning ta'lim tizimi butunlay samarasiz bo‘lib chiqdi. Oqibatda, asosiy iqtisodiy amaliyotlar qora bozorga ko‘chib o‘tdi yoki kam oylik oluvchi mehnatkash qatlam shakllandi.

Uchinchi sanoat inqilobining bugungi dunyoda qoldirayotgan eng katta oqibati esa global notenglikning o‘sishi bo‘ldi. Masalan, Google, Amazon, Microsoft office, Tesla kabi yirik korporatsiya asoschilari yoki ijrochilarining misli ko‘rilmagan tarzda ulkan boylik to‘pladi.

To‘rtinchi sanoat inqilobi

Sun'iy aql ijtimoiy hayotimizni to‘la egallamagan bo‘lsa-da, kundalik turmushimizda faol ishtirok etmoqda. Misol uchun, Google eng ko‘p izlangan buyruqlarni eslab qolish va tavsiya qilish imkoniga ega. Shu kabi ulkan ma'lumotlarni yig‘ayotgan korporatsiyalar ularni qayta tahlil qilish orqali siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy jarayonlarga faol aralashmoqdalar. Uchinchi sanoat inqilobi davrida ma'lumotlar tahlili bilan kompyuter yordamida insonlar shug‘ullanmoqda. Biroq, sun'iy aql algoritmlarining takomillashib borishi yaqin yillarda aqliy mehnat ishchilarini ofislardan siqib chiqarishi mumkin.

Sun'iy aqlning ideal xususiyati – bu aniq maqsadga erishish uchun eng yaxshi imkoniyatga ega bo‘lgan harakatlarni baholay olish va amalga oshirish qobiliyatidir.

Ko‘pchilik sun'iy aql atamasini eshitganda, birinchi navbatda ko‘z oldiga robotlar keladi. Ammo robotlar sun'iy aqlning kichik bir ko‘rinishi hisoblanadi. Texnologiyalar rivojlanib borgan sari sun'iy aqlni belgilaydigan oldingi ko‘rsatkichlar eskirib bormoqda va uning qudrati kuchaymoqda. 

Shuni unutmasligimiz kerakki, Industry 4.0 hali to‘liq amalga oshmagan, ya'ni yakunlanmagan. Sun'iy aql sohasiga kiritilayotgan investitsiyalar va amalga oshirilayotgan tadqiqotlar esa uni reallikka tobora yaqinlashtirmoqda. Ushbu sharoitda To‘rtinchi sanoat inqilobi bir qancha o‘ziga xos xususiyatlarni yuzaga chiqarishi mumkin. Bular qatoriga oliy ma'lumotli ishsizlar sonining ortishi, «soft skill»larga bo‘lgan talabning oshishi, aholi orasida tushkunlik kayfiyati kuchayishi kabilarni kiritishimiz mumkin.

Shuningdek, xalqaro maydonda neft va boshqa yoqilg‘i resurslariga bo‘lgan kurash kabi ma'lumotlar bazasi uchun raqobat kengayib boradi. Kiberxavfsizlik esa mamlakatlar daxlsizligining bir qismiga aylansa ham ajab emas.

Shahboz Jo‘rayev va Doston Ahrorov, Xalqaro munosabatlar bo‘yicha mustaqil tadqiqotchilar

Top