Ovoz yordamçilari faqat qimmatbaho avtomobillarga örnatiladi, deb öylasangiz xato qilasiz. Endilikda, ularni mototsikllarga ham örnatiş mumkin. Aniqroği, Yaponiyaning dunyoga maşhur Kawasaki Heavy Industries kompaniyasi rahbariyati şunday fikrda. Bugungi kunda kompaniya sanoat robotlari, gidrosikllar, traktorlar, poyezdlar va hatto samolyotlar işlab çiqariş bilan şuğullansa-da, uning mahsulotlari orasida Kawasaki mototsikllari muhim örinni egallaydi. Şu bilan birga, taxmin qiliş mumkinki, yangi avlod mototsikllari «Temir odam» filmidagi JARVIS kabi “sun'iy aql”ga ham ega bölişi ehtimol. 

Motosiklga sun'iy aqlning nima keragi bor, dersiz. Şoşmang, axir bularning hammasi mototsikl haydovçisining xavfsizligi uçun qilinmoqda. Köpgina baykerlar oddiygina xavfsizlik qoidalarini mensimaydi yoki şunçaki rioya qilişni istamaydi, deyilsa, köpçilik qöşilsa kerak. Tezlik çeklovlari va tartibi borasida-ku, gapirmasa ham böladi. Aynan mana şu borada, “sun'iy aql” insonga qöl kelişi kerak. U mototsikl egasini, tezlikni haddan taşqari oşiriş oqibatlari qanday bölişini u tuşunadigan usulda ogohlantiradi. Agar sun'iy aql, öz ogohlantirişlari iş bermayotganini tuşunib yetsa, ayyorlikka ötib, baykerga farzandining tavallud kuni yaqinlaşayotganini xotirlatadi va şu bilan oilasini yodga soladi hamda hayotini xavf ostiga qöyiş harakatidan voz keçişga undaydi. 

Kawasaki muhandis va dasturçilari şu usul yordamida bayker bilan uning “temir oti” örtasida özaro “muloqot”ni ta'minlaş niyatida. Tizim, hozirça, «Emotion Generation Engine and Natural Language Dialogue» işçi nomi bilan atalgan bölib, uni işlab çiqişda SoftBank guruhi tarkibiga kiruvçi Cocoro SB Corp. mutaxassislari yordam bermoqda. 

Umuman,” sun'iy aql” mototsikl egasi bilan muomalada “öz şaxsiyati”ni barpo etadi. Şunga köra, işlab çiqaruvçilarning özlari ham hozirda, ularning mahsuloti alaloqibat özini qanday tutişi borasida aniq fikrni bildirolmaydi. Biroq, ular bir narsaga yuz foiz kafolat berişmoqda: “sun'iy aql” bayker asabiylaşgan yoki xavfli kayfiyatga tuşib qolayotganini sezsa, uning eng qimmat narsasi, hayotini saqlab qoliş uçun çora köradi. Axir, hayot insonga bir marta berilgan ilohiy in'om emasmi?!