17:12 / 30.06.2021
10526

Tahsin – 2021. O‘zbekistonning eng faol yoshlari taqdirlandi

Kun.uz saytining ikki xodimi - Ilyos Safarov va Jamshid Ziyoxonov «Tahsin» mukofoti g‘oliblari safida e'tirof etildi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda yoshlar siyosati ustuvor ahamiyatga molik mavzulardan biriga aylandi. Hukumat tomonidan bilimli va iste'dodli yigit-qizlarni aniqlash, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, qobiliyatlarini yuzaga chiqarish bo‘yicha bir qator salmoqli ishlar amalga oshirildi. «Yoshlar oyligi» doirasida «Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik» shiori ostida o‘tkazilgan qator tadbirlar shular jumlasidan.

Mazkur tadbirlarning mantiqiy davomi sifatida 28 iyun kuni Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik Katta teatri old maydonida mamlakatning eng ilg‘or yoshlarini «Tahsin» yoshlar mukofoti bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasi rahbariyati, hukumat a'zolari, diplomatik korpus vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirok etishdi.

«Tahsin» mukofoti 2019 yilda ilm-fan, sport, xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish, madaniyat, innovatsiyalar, tibbiyot kabi yo‘nalishlarda O‘zbekiston taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan, o‘z sohasida muvaffaqiyatga erishgan, yetakchilik qobiliyatiga ega ijtimoiy faol, ijodkor va tashabbuskor yoshlarni rag‘batlantirish maqsadida ta'sis etilgan. O‘tgan yili koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash maqsadida mamlakatda joriy etilgan karantin sababli tadbir tashkil etilmadi. Bu yilgi «Tahsin» yoshlar mukofotini topshirish marosimi yoshlar uchun chinakam esda qolarli voqeaga aylandi.  

Yosh iste'dod sohiblari, insonlar hayotini saqlab qolish yo‘lida jasorat ko‘rsatgan qahramonlar, millionlab yoshlarni ezgu g‘oyalar atrofida birlashtirayotgan tashabbuskor yigit-qizlarni munosib e'tirof bilan tabriklash maqsadida o‘zbek estradasining mashhur yulduzlari o‘z repertuarlaridagi retro qo‘shiqlarni kaver usulida ijro etishdi.

Tadbirning o‘ziga xosligi shundaki, u xorijdagi GQ, «Oskar», Forbes va shu kabi boshqa yirik mukofotlarning eng yaxshi an'analari formatida tashkil etildi. G‘olib va nominantlar qizil yo‘lakcha bo‘ylab yurib kelishdi, g‘oliblarga mukofotni qo‘lga kiritgandagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashish uchun so‘z berildi.

«Tahsin – 2021» yoshlar mukofotining turli yo‘nalishlarida quyidagi yoshlar g‘olib deb topildi: Muhammadali Eshonqulov, Shahzod Bahodirov, Nodirbek Abdusattorov, Sabina Toshkenboyeva, Ilyos Safarov, Nigina O‘ktamova, Miyasar Dauletbayeva, Jamshid Ziyoxonov, Ahror baxshi Xushvaqtov, Javlonbek Jovliyev, Saida Rashidova, Tillaniso Eshboyeva, Sa'dulla Quronov, Hojiakbar Ibragimov, Farruh Murodov, Nargiza Kuvanova, Rasul Jumayev, Firdavs Sobirov, Temurbek Adhamov.

Shuningdek, Zakovat, Ezgu amal, IMAN loyihasi, «Mehr orolni qutqaradi» loyihasi, Metsenat loyihasi, Kelajak yoshlari, Mehrli qo‘llar, «Mehr» operatsiyasi film treyleri, «Mehr» operatsiyasi, Xotira roligi, ARMI ayollar jamoasi ham mukofotga sazovor bo‘ldi.

 

Top