21:35 / 01.07.2021
6853

“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruh Muborakdagi konlarda olib borilayotgan ishlar holatini o‘rgandi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi Ishchi guruh a'zolari Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasidagi konlarda olib borilayotgan ishlar va konda ishlayotgan ishchi-xodimlarning yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishishdi.

“Zevarda” konidagi yangi qurilgan siquv kompressor stansiyasida bosh pudratchi “Enter Engineering” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashib, yangi qurilayotgan siquv kompressor stansiyalaridagi mavjud muammolarni bartaraf qilish bo‘yicha muzokara olib bordi va sodir bo‘layotgan to‘xtalishlar oldini olish choralari ko‘rildi.

Shuningdek, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Dengizko‘l” konidagi yangi qurilayotgan siquv kompressor stansiyasining 2-navbatidagi olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishildi.

Buxoro viloyatining Olot tumanida joylashgan “Dengizko‘l” konidagi qurilayotgan 2-navbat siquv kompressor stansiyasi past bosimli gazlarni o‘zlashtirishga mo‘ljallangan.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi ushbu loyiha bilan va uning imkoniyatlari va afzal jihatlari hamda kelgusida ushbu qurilma orqali amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan rejalar bilan yaqindan tanishib chiqdi.

Ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017–2021 yillarda uglevodorod xomashyosini qazib olishni ko‘paytirish Dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarning ijrosini o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ va Natural Gaz-Stream, Eriell Oilfield Services Middle East DMCC kompaniyalari hamkorligida amalga oshirilmoqda.

“Dengizko‘l” konidagi 39,3 mlrd kub metr hajmdagi joriy tabiiy gaz zaxiralarini samarali qazib olishni jadallashtirish maqsadida, “Dengizko‘l” siquv kompressor stansiyasining umumiy qiymati 87,8 mln dollarga teng bo‘lgan ushbu loyihasi bosh pudratchi “Enter Engineering” kompaniyasi tomonidan qurib bitkaziladi.

Loyihani jadal sur'atlarda amalga oshirish uchun eng ilg‘or va zamonaviy dastgohlar, gaz-turbina uskunalari hamda kompressorlarni yetkazib berish bo‘yicha Turkiyaning “Akcelik”, AQShning “Baker Hughes” va “General Electric” hamda Xitoyning “Denair Energy” kabi bir qator yirik kompaniyalari bilan samarali hamkorlik amalga oshirilmoqda.

Ushbu siquv kompressor stansiyasining 2-navbati 2 ta agregat orqali “Dengizko‘l” koni quduqlarining sanoat miqyosidagi past bosimli tabiiy gazlari bosimini ko‘tarib “Dengizko‘l” siquv kompressor stansiyasiga uzatib berish va bu orqali tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarini oshirishga xizmat qiladi.

“Dengizko‘l” kon zaxiralarini o‘zlashtirishni jadallashtirish maqsadida 2021 yilda qo‘shimcha geologik-texnik tadbirlarni amalga oshirish, ya'ni 7 ta yangi ishlatish quduqlarini burg‘ilab ishga tushirish va 32 ta quduqda kapital tamirlash ishlarini amalga oshirish orqali qo‘shimcha 102,5 mln kub metr tabiiy gaz va 0,8 ming tonna gaz kondensati mahsulotlarini qazib olish mo‘ljallangan.

Shu bilan birgalikda Boshqaruv raisi yangi qazilayotgan “Zevarda” 324-son, qiya yo‘naltirilgan “Dengizko‘l” 324-son, to‘la ta'mirlanayotgan “Dengizko‘l” 105-son va “Shimoliy Dengizko‘l” 12-son quduqlariga borib, ularda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi hamda ishlarni jadallashtirish bo‘yicha tegishli mutaxassislarga ko‘rsatmalar berdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top