12:53 / 07.07.2021
928
Navoiyda davlat zaxirasidagi yerni sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida davlat zaxirasidagi yerni sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Qiziltepa tuman bo‘limi tomonidan DXX Navoiy viloyati boshqarmasi hamda IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda davlat yerini sotmoqchi bo‘lgan I.I. ushlangan.

U fuqaro Z.ga otasi nomiga rasmiylashtirilgan 50 sotix va davlat zaxirasidagi 50 sotix – jami 1 gektar yerni firibgarlik yo‘li bilan 8 000 AQSh dollariga sotishga kelishib, oldindan 4 000 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

 

Top