17:37 / 17.07.2021
1453
Samarqand viloyatidagi ikkita teatrda korrupsiyaviy holatlar fosh etildi

Joriy yilning may-iyun oylarida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Samarqand shahar madaniyat bo‘limi, Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatri hamda Samarqand viloyati qo‘g‘irchoq teatrida davlat xaridlari, davlat mulkini boshqarish va undan foydalanishda qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazilgan. O‘rganishlar davomida ularda bir qator qonunbuzilish holatlari aniqlangan
 
Jumladan, Samarqand viloyati qo‘g‘irchoq teatrida o‘tkazilgan o‘rganishda ko‘p yillik mehnat uchun ustama to‘lovlari to‘lanishi mumkin bo‘lmasa-da, 2019-2020 yillarda jami 59 mln 430 ming so‘mlik qo‘shimcha to‘lovlar noto‘g‘ri to‘lab berilgan.

Mazkur holat yuzasidan 2021 yil 8 iyul kuni prokuratura idoralari tomonidan viloyat qo‘g‘irchoq teatri mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, mazkur hujjatlarning Samarqand shahar madaniyat bo‘limiga nisbatan bo‘lgan qismi 2021 yil 9 iyulda Samarqand shahar prokuraturasi ish yurituvidagi shahar madaniyat bo‘limi xodimlariga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishiga qo‘shilgan. 

Bundan tashqari, Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatrida o‘tkazilgan o‘rganishlarda qayd etilgan qonun hujjatlariga rioya qilinmaganligi natijasida, 2019-2020 yillarda 216,5 mln so‘mlik ish haqi va ustama to‘lovlar noto‘g‘ri to‘langan.

Mazkur holat yuzasidan teatrning mansabdor shaxslariga nisbatan 2021 yil 13 iyul kuni Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qayd etilishicha, hozirda har ikkala holat bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top