20:11 / 21.07.2021
11231
Lukashenko Yevropa Rossiya va Xitoy ishtirokidagi uchinchi jahon urushi boshlanishiga sababchi bo‘lishi mumkinligini aytdi

Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb mamlakatlarining Belarusning ichki ishlariga aralashishi, davlat to‘ntarishini amalga oshirishga urinishi va belaruslarga qaratilgan axborot targ‘iboti oxir-oqibat jahon miqyosidagi nizoga olib kelishi mumkin.

Foto: Sky News Arabia

Yevropa mamlakatlarining Belarus, Rossiya va Xitoyga qarshi hibrid hujumlari uchinchi jahon urushiga olib kelishi mumkin. Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Sky News Arabia telekanaliga bergan intervyusida ana shunday fikr bildirdi, deb xabar bermoqda RIA Novosti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb mamlakatlarining Belarusning ichki ishlariga aralashishi, davlat to‘ntarishini amalga oshirishga urinishi va belaruslarga qaratilgan axborot targ‘iboti oxir-oqibat jahon miqyosidagi nizoga olib kelishi mumkin. Lukashenkoning qo‘shimcha qilishicha, bu urushning ishtirokchilari Belarus, Rossiya va Xitoy bo‘ladi.

Belarus prezidenti Yevropa mamlakatlari deganda oddiy fuqarolarni emas, balki faqat AQShning buyruqlarini bajaradigan va o‘zlari mustaqil qaror qabul qila olmaydigan «aqlsiz siyosatchilar»ni nazarda tutayotganini aytdi.

«AQSh va G‘arbiy Yevropa mamlakatlari munosabatlari – bu metropoliya va koloniya munosabatlari», — dedi u.

Belarusning G‘arb mamlakatlari bilan munosabatlari 2020 yil avgustda respublikada prezident saylovi bo‘lib o‘tganidan so‘ng yomonlashdi. Saylov natijalari e'lon qilinganidan keyin o‘tkazilgan ommaviy norozilik namoyishlari hukumat tomonidan ayovsiz bostirilgani G‘arb mamlakatlarining keskin tanqidiga sabab bo‘ldi.

Top