21:55 / 23.07.2021
20477

Muxlislarsiz, ammo yangi texnologiyalar bilan. Yozgi olimpiya o‘yinlari ochilishidan eng yorqin suratlar

Tokio XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi o‘tkazildi. Juma kuni sportchilar va delegatsiyalarning boshqa xodimlari orasida yana 19 kishida virus aniqlandi va jami holatlar yuzdan oshib ketdi, ammo Yaponiya hukumati va XOQ o‘yinlar davom ettirilishi borasida qat'iyat ko‘rsatishda davom etdi.

O‘yinlar Yaponiya poytaxtidagi Olimpiya stadionida tribunalar bo‘sh qoldirilgan holda ochildi. Maydonga faqat cheklangan miqdorda VIP-mehmonlar taklif etilgandi.

Lekin bu marosim yangi texnologiyalar qo‘llangani, shoular uyushtirilgani va atletlarning paradi bilan o‘zgacha kechdi.

Odatdagi kabi paradni Gretsiya olimpiyachilari - o‘yinlar vatani jamoasi boshlab berdi.

Qochqinlar jamoasi alohida chiqish qildi. 

Yapon alifbosi bo‘yicha Aruba olimpiyachilari birinchilardan bo‘lib chiqishdi.

O‘zbekiston bayroqdorlari bokschi Bahodir Jalolov hamda taekvondochi Nigora Tursunqulova. 

Bu safar ham marosimning asosiy yulduzlaridan biri tongolik taekvondochi, milliy libosda ko‘rinish bergan Pita Taufatofua bo‘ldi. 

Rossiya termasi Olimpiadada Rossiya milliy olimpiya qo‘mitasi bayrog‘i va ramzlari ostida chiqish qildi. Sport arbitraj sudi qaroriga ko‘ra, 2022 yil 16 dekabriga qadar rossiyalik sportchilar Rossiya davlat ramzlari ostida chiqishi taqiqlangan, keng ko‘lamli doping mojarosidan keyin XOQ shunday qarorga kelgandi.

Rossiyalik olimpiyachilarning formasida baribir Rossiya bayroqlari ranglari aks etdi. Xalqaro aksildoping agentligi prezidenti Vitold Banka rossiyalik sportchilar formasiga e'tiroz bildirdi, ammo XOQ rossiyaliklarning bunday dizayniga ruxsat bergan.

Marosim yakunida yaponiyalik tennischi Naomi Osaka Olimpiya gulxanini yoqdi va o‘yinlar rasman ochildi. O‘yinlar boshlangani haqida imperator Naruxito e'lon qildi.

«O‘ylaymanki, stadionga kelganimizda, barchamizni xursandchilik va yengil tortish hissi chulg‘ab oldi. Ayniqsa bu kunni sabrsizlik bilan kutgan sportchilarni», dedi marosim boshlanishi arafasida Xalqaro olimpiya qo‘mitasi rahbari Tomas Bax.

Ammo yaponlarning ko‘pchilik qismi Baxning entuziazmiga qo‘shilmaydi. Mamlakat aholisining 80 foizdan oshiq qismi yoki o‘yinlar yana qoldirilishini yoki butunlay bekor qilinishini istaydi. Olimpiada 2020 yil yozida o‘tkazilishi kerak edi, ammo pandemiya tufayli kechiktirilgandi.

O‘yinlar o‘tkazilishiga qarshi tomon Yaponiyada epidemiologik vaziyat nazoratdan chiqib ketganini iddao qilishmoqda. Vaksinatsiya kampaniyasi kutilganidan ancha sekin sur'atlarda olib borilmoqda.

Ayni vaqtga kelib Olimpiya qishlog‘ida kasallanish holatlari aniqlanganlar soni yuzdan oshgan, ko‘plab sportchilar o‘z nomerlarida ihotalanishga majbur bo‘lishmoqda.

Tokioda favqulodda holat rejimi 22 avgustga qadar uzaytirilgan, ya'ni Paralimpiya o‘yinlari yakunigacha. Olimpiyachilar delegatsiyalari vakillarining shaharga ketishi qat'iy qoidalar asosida amalga oshiriladi.

Cportchilar, murabbiylar va sport obektlari personali uchun har kuni Covid-19ga test topshirish, tibbiy niqob taqish va karantinga rioya etish tashkiliy qo‘mitaning qat'iy talablari. O‘z jamoasidan tashqarida muloqotga kirishish va kelishilmagan holda yo‘nalishni o‘zgartirish ham taqiqlanadi.

Qoidalarga amal qilmagan sportchilar zudlik bilan diskvalifikatsiya qilinadi, personal - ishdan bo‘shatiladi.

Tokio-2020: raqamlar va o‘ziga xosliklar
Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarida dunyoning 207 mamlakatidan 11300 sportchi ishtirok etmoqda.

Sportning 33 turida jami 339 medallar shodasi o‘ynaladi.  Tokio Olimpiadasi dasturiga yangi besh tur qo‘shilgan - beysbol va softbol, karate, serfing, qoyalarga ko‘tarilish sporti va skeytbording. Beysbol va softbol olimpiya sport turlari qatoriga kiritilgani ancha avvalroq ma'lum bo‘lgandi, ammo saralash bahslari o‘tkazilmadi.

Tokio o‘yinlarida rekord sonda ayol sportchilar ishtirok etmoqda - 48,8 foiz.

O‘zbekiston olimpiya jamoasi 71ta yo‘llanma bilan qatnashadi. O‘zbekistonliklar boks, dzyudo va erkin kurashdan medallar olishi kutilmoqda.

Olimpiadada O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdorlari gimnastikachi Oksana Chusovitina va bokschi Bobousmon Baturov bo‘lishi aytilgan edi. Biroq ochilish marosimidan oldin bayroqdorlar o‘zgarib, bokschi Bahodir Jalolov va taekvondochi Nigora Tursunqulova bayroqni olib o‘tishi ma'lum bo‘ldi.

O‘zbekiston jamoasi safida sport gimnastikachisi Oksana Chusovitina ham bor. U 46 yoshda va bu uning sakkizinchi Olimpiadasi. U 1992 yil Barselonadagi Olimpiadada oltin, 2008 yilgi Pekin Olimpiadasida kumush medal olgan.

U o‘zining ko‘p yillik faoliyatida jahon chempionatlarida uchta oltin, to‘rtta kumush va to‘rtta bronza medallarni qo‘lga kiritgan. U tayanib sakrashda eng yaxshi natijalarini qayd etadi.

Mavzu
Tokio Olimpiadasi
Pandemiya tufayli qoldirilgan 2020 yilgi Yozgi Olimpiada 2021 yil 23 iyulida Yaponiyaning Tokio shahrida rasman boshlanadi.
Barchasi
Top