12:37 / 24.07.2021
4715

«Favqulodda holat to‘g‘risida»gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi 

Foto: KUN.UZ

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugungi majlisida qonun loyihalarining muhokamasi boshlandi. Unda deputatlar “Favqulodda holat to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi. 

Parlament xabariga ko‘ra, loyihaning 24-moddasida Favqulodda holatning joriy etilishi insonlar va fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 24, 25, 26-moddalari, 27-moddasi birinchi qismi, 30, 31 va 44-moddalarida belgilangan erkinliklari va huquqlarini cheklashga asos bo‘la olmasligi ko‘rsatib o‘tilmoqda. 

Xususan, Konstitutsiyada belgilangan yashash huquqi, erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi kabi insonning qator asosiy huquq va erkinliklari har qanday holatda ham cheklanmasligi belgilab qo‘yilmoqda. 

Deputatlarning aytishicha, mazkur qonun davlat boshqaruvi tizimi orqali samarali va tezkor favqulodda choralarni qo‘llash, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini muhofaza qilish, huquqiy munosabatlarni tartibga solishga imkon beradi.

Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Top