Huquq organlari xodimlarining tasvirini ularni “obro‘sizlantirish maqsadida” tarqatganlik uchun javobgarlik belgilanishi ular ustidan jamoatchilik nazoratini susaytiradi, xodimlarning vakolatidan chetga chiqishi holatlarini ko‘paytiradi va eng asosiysi, ularning xatto eng kichik xatolari uchun ham siyosiy javobgarlik yuqori hokimiyat zimmasiga tushadi.
Shu kunlarda O‘zbekiston Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi bir qancha yangi qonun loyihalarini qabul qildi va tasdiqlash uchun yuqori palataga – Senatga yubordi. Agar Senat ham tasdiqlasa, qonunlar prezidentga yuboriladi.
Qonunchilik palatasi qabul qilgan va O‘zbekiston jamoatchiligining noroziligiga sabab bo‘layotgan qonun loyihalaridan birida huquqni muxofaza qiluvchi organ xodimlarining tasvirlarini ularni “obro‘sizlantirish maqsadida” tarqatganlik uchun 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi ko‘zda tutilmoqda.
Bu qonun loyihasi hozirga qadar jamoatchilikka ko‘rsatilmasdan tasdiqlanmoqda va qabul qilinish tomon ketmoqda.
Shu o‘rinda aytish kerakki, O‘zbekiston qonunchiligida har qanday shaxsni obro‘sizlantirish bo‘yicha tegishli moddalar bor. Ya’ni kim bo‘lishidan qati nazar, u oddiy fuqaro bo‘ladimi yoki davlat mulozimi, uni obro‘sizlantirish javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Endilikda esa ilk marta huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini ish vazifasini o‘tash vaqtida rasmga, audioga, videoga olib tarqatish holatlari ularni “obro‘sizlantirish” deb talqin qilinishiga imkon beruvchi qonun moddasi taklif qilinmoqda.
Agar bu qonun loyihasi qabul qilinsa, uning oqibatlari nima bo‘lishi mumkin?
Birinchidan, bu kuch ishlatar tizimlarining yanada yopilishiga olib keladi. 2016 yildan boshlab, O‘zbekistonda so‘z erkinligi nish ura boshladi. Unga qadar so‘z va axborot tashabbusi to‘liq O‘zbekistondan tashqariga chiqib ketgan edi.
Keyingi yillarda esa, so‘z va axborot tashabbusi O‘zbekistonning ichiga qaytdi, jamiyatda o‘z muammolarini aytish va anglash imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu – ikkinchi ma’muriyatning yirik siyosiy kapitali sifatida baholandi.
Lekin, agar yuqoridagi qonun loyihasi qabul qilinsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning to‘liq yopilishiga imkon beradi. Ular ustidan jamoatchilik nazorati yaratilishini bloklaydi.















