14:26 / 25.07.2021
10166

Samarqand viloyatida chorva mollarining asosiy qismi aholi tomonidan boqilayotgani ma'lum qilindi

Foto: KUN.UZ

Samarqand viloyatida mavjud bo‘lgan chorva mollari va yilqining asosiy qismi aholi tomonidan boqilmoqda. Bu haqda viloyat statistika boshqarmasi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, Samarqand viloyatida 4 milliondan oshiq yirik va mayda shoxli chorva hayvonlari bor. Jumladan, 1 million 567 ming bosh yirik shoxli qoramollar, 2 million 377 ming bosh qo‘y va echkilar bor. Bundan tashqari, viloyatda 26 ming 415 bosh ot hamda 10 million 598 mingta parranda boqilmoqda.

Chorva mollari soni to‘g‘risidagi ma'lumotlar xo‘jalik toifalari bo‘yicha tahlil qilinganda yirik shoxli qoramollarning bor-yo‘g‘i 4,3 foizi fermer xo‘jaliklari hissasiga, 95,2 foizi esa dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklari, 0,5 foizi qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar hisobiga to‘g‘ri kelgan.

Shunga mos ravishda qo‘y va echkilarning umumiy sonidan bor-yo‘g‘i 6,6 foizi fermer xo‘jaliklariga, 89,3 foizi dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklariga, 4,1 foizi qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar hisobiga to‘g‘ri kelgan.

Shuningdek, otlar umumiy sonidan 13,5 foizi fermer xo‘jaliklariga, 85,3 foizi dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklariga, 1,2 foizi qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Parrandalarning umumiy sonidan 20,7 foizi fermer xo‘jaliklariga, 53,4 foizi dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklariga, 25,8 foizi qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlarga to‘g‘ri kelgan.

Eslatib o‘tamiz, ayrim ekspertlar tomonidan O‘zbekistonda go‘sht mahsulotlari narxining doimiy ravishda oshib borishiga bunday turdagi mahsulotlarni kompleks yetishtirish yo‘lga qo‘yilmagani hamda chorva mollari asosan aholi tomonidan tarqoq holda boqilayotgani sabab qilib ko‘rsatiladi.

Mavzuga oid
Top