14:05 / 28.07.2021
39216
Xayrulla Bozorov Toshkentda davolanayotgani ma'lum qilindi

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov 1 oydan buyon Toshkentda, tibbiy davolanishda bo‘lib turibdi. U umurtqa churrasi diagnozi bilan jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan.

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov 27 iyundan boshlab Toshkent shahrida chuqurlashtirilgan tibbiy davolanishda bo‘lib turibdi.

Hokimlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Bozorov sekvestrlangan bel umurtqa churrasi diagnozi bilan bel sohasida kichik jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan. U hozirda statsionar sharoitda reabilitatsiya jarayonini o‘tkazmoqda, ishlarni masofadan onlayn tarzda muvofiqlashtirib bormoqda.

“Yaqin kunlarda viloyat hokimi odatiy ish faoliyatiga qaytishini ma'lum qilamiz.

Ijtimoiy tarmoqlarda viloyat hokimi bilan bog‘liq tarqalayotgan mish-mishlarga ishonmasligingizni so‘raymiz. Yolg‘on axborot tarqatganlik uchun ma'muriy va jinoiy javobgarlik mavjud ekanini eslatib o‘tamiz”, – deyiladi Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati rahbari Dilmurod Jumaboyevning axborotida.

Qayd etish kerakki, Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov bir oydan ortiq davrdan beri jamoatchilik ko‘rinish bermadi. Buning ortidan ijtimoiy tarmoqlarda hokim tadbirkordan 400 ming dollar pora olayotgan vaqtida qo‘lga tushgani, shu sababli ham ko‘rinmay qolgani haqida xabarlar tarqaldi.

Top