09:01 / 30.07.2021
27800
Boysundagi salohiyatli chorva fermasi xavf ostida: ozuqa tanqisligi kuzatilmoqda

Surxondaryo viloyati Boysun tumanining qishloq xo‘jaligidagi asosiy ikki tarmog‘idan biri - chorvachilik. Ammo bu yil kuzatilgan ozuqa tanqisligi sohani tang ahvolga solib qo‘yishi mumkin.

Xususan, tumandagi faoliyati eng zamonaviy usulda tashkil etilgan «Boysun chorvasi» fermer xo‘jaligi qoramollarni nobud bo‘lishdan saqlab qolish maqsadida xorijdan keltirilgan naslli chorvaning bir qismini sotib yuborishga majbur bo‘lgan.

Aslida bu qoramollar ko‘paytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, bozorni go‘sht va sut mahsulotlari bilan ta'minlash maqsadida olib kelingan edi. Fermerning murojaatini o‘rganish asnosida muammo ko‘lami aslida o‘ylaganimizdan ham kengroq, gap faqat «Boysun chorvasi»da ham emasligiga amin bo‘ldik.

Tadbirkor Ilyos Usmonov rahbarligidagi «Boysun chorvasi» fermer xo‘jaligi 2013 yilda tashkil etilgan. Dastlab mahalliy chorva mollari boqilgan bo‘lsa, 2018 yil Avstriyadan 120 bosh simental zotli chorva olib kelingan. 7 milliard so‘mga bu chorva uchun ferma qurilgan.

«Xorijdan chorva olib kelishdan maqsad ularni ko‘paytirish, shu orqali faoliyatimni kengaytirish edi. Chunki naslli mollar bilan ishlab chiqarilayotgan go‘sht va sut mahsulotlarini bir necha baravarga ko‘paytirish mumkin. Lekin chorvani olib kelganimdan buyon hozirgacha ozuqa bazasi yaratish eng katta muammo bo‘lib kelyapti. Ozuqa bazasi yaratish uchun fermer xo‘jaligiga yer kerak. Chorvaga kerakli ozuqalar unda yetishtirilishi lozim. Yersiz fermer qayergacha bora oladi?

Faoliyatimni boshlagan vaqtda 35 gektar suvli yer bor edi, hozir ham shuncha. Me'yor bo‘yicha ozuqa bazasini yaratish uchun har bir qoramolga 50-60 sotix yer to‘g‘ri kelishi kerak. Qolaversa bugunga kelib chorva soni 300 dan oshgan. Yana yil oxirigacha 60 ta chorvamiz bolalashi kutilyapti.

Tuman hokimligiga, viloyat hokimligiga, bosh vazir qabulxonasiga ham murojaat qildim. Ammo masalaga yechim yo‘q. Bosh vazirga qilgan murojaatimga javoban tuman hokimligi «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonunga asosan yer tenderga qo‘yilishi, g‘oliblarga hokim qarori bilan yer berilishini ma'lum qildi. Hozirda tenderga qo‘yish uchun yer maydonlari o‘rganilayotgani aytildi, ammo bunga ham qariyb bir yil to‘ldi hamki, muammoga yechim yo‘q.

Aslida bu qoramollar ozuqasi beda, makkajo‘xori poya va yormasi, senaj, kepak kabi 12 turdagi mahsulotlar bilan boqilishi kerak. Biz esa somon bilan boqishga majbur bo‘lyapmiz. Holbuki, somon chorvaning ostiga to‘shalishi kerak. Har bir qoramolimiz 30 litrdan kam sut bermasligi kerak. Biz esa yetarli ozuqa bo‘lmagani uchun 15 litr ham sut ololmayapmiz», — deydi Ilyos Usmonov.

Tadbirkor o‘z kuchi bilan tumandagi eng salohiyatli chorva fermasiga asos solgan. 7 milliard so‘mga ferma qurgan, xorijdan yuzlab naslli chorva keltirgan, turli davlatlardan kerakli uskunalarni olib kelgan.

Endi esa faqatgina ozuqa yetishtirish uchun yer bo‘lmagani sababli faoliyati xavf ostida turibdi. O‘tgan yili xo‘jalikda 12 ta xodim ishlagan bo‘lsa, bu yil 8 ta ish o‘rni qolgan. Ko‘paytirish uchun keltirilgan naslli chorvaning 70 tasi sotib yuborilgan.

Tumanda suvli yer tanqis bo‘lgani uchun tadbirkor Surxondaryo viloyat hokimiga ham murojaat qilgan. Viloyat hokimligi tomonidan esa tadbirkorga qo‘shni Bandixon tumanidan yer berilishi ma'lum qilingan. Ammo bu ish ham oxiriga yetmagan.

Tabiiyki, ozuqa zaxirasi yaratish uchun yeri bo‘lmagan fermer chorvaga yemishni bozordan xarid qiladi. Natijada, vaqt o‘tgan sayin chorvaning ozuqasiga sarflangan mablag‘ chorvaning o‘z tannarxidan ham oshib boradi. Oxir-oqibat, zarardan tinkasi qurilgan tadbirkor o‘z faoliyatini tugatishiga to‘g‘ri keladi. Bu esa oziq-ovqat xavfsizligi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan, aholini go‘sht-sut mahsulotlari bilan ta'minlash eng dolzarb vazifalardan biri sifatida ko‘rilayotgan bir zamonda fojia bilan teng.

Silos o‘rasi

Yuqoridagi suratda tasvirlangan o‘ra har bir chorva fermer xo‘jaligida bor, u silos ozuqasi bilan to‘ldiriladi. «Boysun chorva»sining ozuqa zaxirasi esa bo‘m-bo‘sh. Odatda bu o‘ralarga maxsus uskunalarda ozuqa vakuum holatiga o‘tkazilib, uch yilgacha saqlash mumkin. Bu tadbirkorda Xitoydan keltirilgan vakuum uchun maxsus uskunalar bor-u, ozuqaning o‘zi yo‘q.

Holatga izoh olish uchun tuman hokimligida bo‘lganimizda bildikki, tumanda nafaqat «Boysun chorvasi» fermer xo‘jaligi, umuman chorvachilikning kelajagi savol ostida turibdi. Hokimlik mutaxassisi Soatmurod Choriyev vaziyatni quyidagicha izohladi:

«Boysun chorvasi» haqiqatan ham tumandagi eng salohiyatli xo‘jaliklaridan biri. Rostdan ham ozuqa bazasi muammosi bor. Lekin afsuski, Boysun tumanida ajratib berilgan yer maydonlarida yetarli ozuqa bazasi shakllantirishning imkoni yo‘q. Chunki muqim suvli maydonning o‘zi yo‘q. Suvimiz esa ob-havoga va tog‘dagi qorga qarab qolgan. Bu yilgidek qurg‘oqchilik bo‘lsa chorva sohasi qiyin vaziyatga tushib qoladi.

Yuqoridagi holat bo‘yicha tadbirkor viloyat hokimiga uchraganida Bandixon tumanidan yer ajratib berish belgilangandi. Biz tadbirkor bilan birgalikda o‘zimiz o‘sha hududga borganmiz. Ilgari Boysun tumanida hududida bo‘lgan, hozirda Bandixon tumaniga qarashli bo‘lgan fermer xo‘jaligiga qarashli yerlardan 23 gektar joy ajratilgandi. Ammo bu yer uchun ham hozirga qadar tegishli hujjatlar qilinmagan.

Boysun tumani chorvachilikka va dorivorchilikka ixtisoslashtirilgan tuman. Tumanda 262 ming gektar yaylov bor. Suvli maydon esa 500 gektarga yaqin, xolos. Hali-ku chetdan keltirilgan naslli mollar, mahalliy chorva uchun ham ozuqa masalasi juda qiyin bo‘lmoqda. Ayniqsa, bu yil qurg‘oqchilik bo‘lgani uchun bir dona presslangan beda ozuqasi 35-40 ming so‘m bo‘lib ketdi. Bitta presslangan somon ozuqasi 17 ming so‘mgacha. Hisob-kitoblarga ko‘ra, fermerlarimiz chorvasini qishdan olib chiqishi qoramollarning o‘z narxidan ham oshib ketmoqda.

Shuning uchun, viloyat hokimligiga ham, deputatlarga ham Boysunning chorvasini saqlab qolish uchun taklif kiritganmiz. Ya'ni, Boysun tumanidan Bandixon tumaniga berilgan suvli maydonlarning ma'lum qismi qaytarilsa, muammoga yechim topilardi. To‘g‘ri, bitta katta tuman tashkil etildi. Ammo suvli yerlarimiz qo‘shni tumanga o‘tgach, bu yil chorva muammosi bilinib qoldi», — deydi Soatmurod Choriyev.

Hokimlik vakiliga ko‘ra, tumanning hozirgi yeri, hozirgi salohiyati chorvachilikni rivojlantirish tugul, uni saqlab qolish uchun ham yetmaydi. Silos, senaj kabilar o‘z yo‘liga, oddiy somon yetarli bazasi ham muammo bo‘lib turgani aytilmoqda. Bu holatda esa tuman yaqin kelajakda go‘sht mahsulotlari bilan o‘zini o‘zi ham ta'minlay olmasligi mumkin.

Ma'lum bo‘lishicha, tumanda bu borada hokimlikka murojaatlar juda ko‘p. Ammo ularga ijobiy yechim topish muammoligicha qolmoqda.

Hokimlikning tadbirkorga bergan javob xatlaridan birida fermer qo‘shimcha yer olish uchun qoidaga muvofiq tenderda ishtirok etishi lozimligi, tenderga qo‘yiladigan yerlar haqda mahalliy OAVda e'lon berilishi ma'lum qilinganini aytdik. Hokimlikka ko‘ra, tenderga qo‘yiladigan lalmi yerlar chorvachilikka yaramaydi. Tenderda yutib olgani bilan xorijdan keltirilgan chorva mollarini lalmi yerlar orqali ozuqa bilan ta'minlay olmaydi. Suvli yerlar esa kamyob. Xullas, aftidan, tadbirkorning murojaatiga javob xati shunchaki, rasmiyatchilik bo‘lgan.

Darvoqe, tadbirkor mazkur muammo haqda O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri qabulxonasiga murojaat qilgach, masala bilan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ham shug‘ullangan. Qo‘mita axborot xizmatiga ko‘ra, muammo yuzasidan Surxondaryo viloyat hokimligiga xat yuborilgan. Viloyat hokimligi tomonidan esa tadbirkorga Bandixon tumanidan yer ajratilishi ma'lum qilingan.

Tadbirkorning ma'lum qilishicha, dastlab Bandixon tumanidan haqiqatan ham yer ko‘rsatilgan, ammo bu yer ham lalmi bo‘lib, ozuqa yetishtirishning iloji yo‘q. Suvli yer ajratish bo‘yicha murojaatlar esa yuqorida aytilganidek hamon cho‘zilib kelmoqda.

Odatda, biror bir muammoga izoh so‘ralsa, tuman hokimligi mutasaddilarini muammoga tez orada yechim topilishini ma'lum qiladi. Boysunda esa soha mas'ul xodimi muammo tuman darajasida hal etish qiyin ekanini ochiq-oydin o‘rtaga tashlamoqda.

Ikkinchi tomondan, mutasaddining masalaning yechimiga oid taklifi ham murakkab masala. Tabiiyki, yer masalasida ham har bir tumanning o‘z «tashvishi», o‘z rejalari bor. O‘ylaymizki, Surxondaryo viloyat hokimligi mutasaddilari holatga tegishlicha baho berishadi.

Anvar Mustafoqulov, Kun.uz muxbiri.
Operator va montajchi: Faxriddin Hotamov.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top