15:10 / 03.08.2021
7239

“O‘zbekneftgaz”: “Sho‘rtan” gaz kondensat koni va uning atrofidagi maydonlarda 3D seysmik-qidiruv ishlari olib borilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 18 noyabrdagi PQ–4522-sonli “Neft va gaz geologiya-qidiruv ishlarini tashkil etish va olib borish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda Davlat rahbarining 2020 yil 12-13 noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida “O‘zbekneftgaz” AJ oldiga geologiya-qidiruv borasida bir qator topshiriqlar berilgan.

Belgilab berilgan vazifalar va topshiriqlar ijrosini bajarish maqsadida, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida “Ishchi guruh” tuzilib, Qashqadaryo viloyati hududida joylashgan “Sho‘rtan” gaz kondensat konining yangi istiqbollarini aniqlashga qaratilgan 3D seysmik-qidiruv ishlari boshlandi.

2021 yilning ilk kunlaridanoq, “O‘zbekneftgaz” AJning o‘z mablag‘lari hisobidan “Sho‘rtan” koni va uning atrofidagi jami 620 kv.km. hajmdagi maydonlarda 3D seysmik-qidiruv ishlari to‘liq bajarildi.

Ushbu 3D seysmik-qidiruv ishlarini amalga oshirish uchun bu sohada dunyoda yetakchi hisoblangan “INOVA” (AQSh) kompaniyasining yangi seysmik uskuna va dastgohlaridan foydalanildi.

Shuningdek, 400 dan ortiq mahalliy va xorijiy seysmik-qidiruv ishlari mutaxassislari hamda 50 dan ortiq maxsus texnikalar safarbar qilingan.

Amalga oshirilayotgan 3D seysmik-qidiruv ishlarining sifat ko‘rsatkichlari malakali mutaxassislardan iborat “Supervayzerlar guruhi” tomonidan doimiy ravishda nazorat qilib borilmoqda.

Olingan ma'lumotlar esa “Ma'lumotlarni qayta ishlash” markazlariga yetkazib berilib, tezkor tartibda qayta ishlanmoqda.

Bajarilayotgan 3D seysmik-qidiruv ishlari natijasida, “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufida mavjud bo‘lgan eng so‘nggi rusumdagi serverlar, zamonaviy kompyuter texnologiyalari va ilg‘or dasturiy ta'minotlardan foydalangan holda raqamli geologik modellashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Natijada, hududdagi barcha konlarning, ayniqsa “Sho‘rtan” konining yangi istiqbollari baholanadi, tabiiy gazga to‘yingan yangi qatlamlar aniqlanadi, neft va gazga istiqbolli bo‘lgan yangi maydonlar, uchastkalar ajratiladi hamda yangi quduqlarni burg‘ilash nuqtalari belgilab beriladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan geologiya-qidiruv ishlarini samarali amalga oshirish, yil yakuni bo‘yicha belgilangan barcha prognoz ko‘rsatkichlarini to‘liq bajarishni ta'minlash maqsadida, ushbu tadbirlarga sohaning eng malakali geolog va geofizik mutaxassislari jalb etildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ mutaxassislari belgilangan barcha prognoz ko‘rsatkichlarini samarali bajarish, neft va gazning sanoat miqyosidagi zaxiralarini o‘stirish, bu orqali esa Respublika uglevodorod xomashyo bazasini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shishni maqsad qilgan.

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan Respublikaning Ustyurt, Gazli, Muborak va Sho‘rtan zonalarining istiqbolli maydonlarida uglevodorod zaxiralarini o‘stirish va yangi neft va gaz konlarini ochishga yo‘naltirilgan geologiya-qidiruv ishlari davom ettirilmoqda.

 

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

Top