10:26 / 08.08.2021
8566

AQShda gazetalarni saqlab qolishga urinishmoqda: «Jurnalistikani qutqarish»ga doir qonun loyihasi ishlab chiqildi

Fot: Tim Gruber / The New York Times

AQShda mahalliy, asosan hududiy bosma va elektron nashrlarni saqlab qolish bo‘yicha hukumat darajasida harakat boshlandi. Vashington, Oregon va Arizonadan saylangan uch nafar senator «Hududiy jurnalistikani qo‘llab-quvvatlash» to‘g‘risida qonun loyihasini taqdim etishdi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi borgan sari «sindirayotgan» mahalliy gazetalarni saqlab qolish bo‘yicha muayayn takliflar berilgan. Quyida ushbu qonun loyihasi va AQShda unga bo‘lgan munosabat haqida o‘qiysiz.

Bunday qonun nimaga kerak?

Koronavirus pandemiyasi dunyo iqtisodiyotiga kuchli zarba berdi. Xususan, ko‘p davlatlarda bosma OAV ham jiddiy zarar ko‘rmoqda. Hatto dunyoning eng boy davlati AQShda ham. Bir tomondan, gazeta kabi an'anaviy OAV iqtisodiy tang holatga kelib qoldi, boshqa tomondan pandemiya odamlarda ma'lumotga bo‘lgan ehtiyojni keskin oshirdi. Odamlar to‘liq o‘rganilmagan virus haqida ko‘proq va aniqroq ma'lumot qidira boshladi.

Bunday kutilmagan shiddat esa OAV bozorining oyog‘ini osmondan qilib yubordi. Insonga qandaydir ma'lumot juda zarur, lekin ko‘chaga chiqish taqiqlangan, odamlar orasiga kirish ham tavakkali bor ish. Bu vaqtda internet bozorning tobora katta qismini egallay boshladi. Shundoq ham internetga yutqazayotgan gazetchilik esa jiddiy zarbaga uchradi.

Bu holatni O‘zbekistonda ham ko‘rish mumkin: pandemiya vaqtida gazetalarning tiraji keskin tushib ketdi, internet saytlarning o‘quvchilari yanada oshdi. Ayrim gazetalar dastlabki karantin e'lon qilinishi bilan chop etilmay qoldi.

Matbuotni o‘z demokratiyasining asosiy omillaridan biri deb hisoblovchi amerikaliklar esa bu holga jim qarab turishmadi. Albatta, u yerlarda yechim sifatida majburiy obunaga murojaat qilinmaydi, har doimgidek, zamonaviy odamlar kabi xolis va oqilona to‘g‘ri yo‘l izlandi.

Pandemiya vaqtida eng katta muammolardan biri — yolg‘on ma'lumot tarqatish, dezinformatsiya ekanligi aniq bo‘ldi. Masalan, O‘zbekistonda vaksina haqidagi turli bo‘lmag‘ur, asossiz mish-mishlar emlanmoqchi bo‘lganlar sonining oshmayotganiga sabab bo‘lmoqda. Matbuot hozir eng kerak bo‘lgan paytda uning yo‘qlik tomon yuz tutishiga jim qarab turib bo‘lmaydi, deb o‘ylayotgan amerikaliklar ko‘p ekan. Shunday insonlardan uch nafari qonun loyihasini ishlab chiqishdi.

Qonun loyihasi yaratilishiga nimalar sabab bo‘ldi?

22 iyul kuni muhokama uchun e'lon qilingan qonun loyihasini senatorlar Mariya Kantvell, Mark Kelli va Ron Uayden ishlab chiqishgan. Loyiha mahalliy OAVlarga iqtisodiy ko‘mak berishni ko‘zda tutadi.

Masalan, biror nashrga homiylik qilgan tashkilot soliq imtiyoziga ega bo‘ladi.

«Koronavirus pandemiyasi mahalliy nashrlar va muxbirlar insonlarning yangilikka bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun qanchalik muhim ekanini ko‘rsatib berdi. Demokratiyamizning kuchi haqiqatga asoslangan. Mahalliy nashrlar jiddiy savollarni ko‘tarishmoqda, dezinformatsiyaga qarshi kurashmoqda, tariximizni hikoya qilmoqda. Jamiyatimizning ajralmas bo‘lagi bo‘lgan bu sohani himoya qilishimiz kerak», — deyilgan qonun loyihasida mahalliy gazetalarning o‘rni haqida.

Arizonadan saylangan senator Kellining fikricha, jismoniy shaxslarga mahalliy nashrlarga obuna bo‘lgani yoki homiylik mablag‘lari ajratgani evaziga soliq imtiyozini taklif qilish kerak. Ya'ni pandemiya vaqtida gazetalar obunasini bekor qilish orqali pulini tejab qolgan amerikaliklarga obunani davom ettirish evaziga soliq imtiyozi taklif etilmoqda.

«Mahalliy nashrlar faoliyatidagi pasayish dezinformatsiyani kuchaytirib, yolg‘on ma'lumotlar tarqalishiga imkon yaratdi. Hududiy kengash va meriyalar uchun yagona oyna aynan mahalliy nashrlar hisoblanadi. Amerikaliklar mahalliy nashrlar misolida eng ishonchli manbalarini yo‘qotishmoqda. Jurnalistning farzandi sifatida meni ham bu holat befarq qoldirmadi. Bizning qonun loyihamiz demokratiyamiz va hayotimiz uchun sinovli damlarda mahalliy nashrlarni iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan», — deydi Oregon shtatidan saylangan 72 yoshli senator Ron Uayden.

Ma'lum bo‘lishicha, 2004 yildan buyon AQShda 1800 birlashma o‘z gazetasini yo‘qotgan. Pandemiya boshidan buyon esa 37 ming jurnalist ishsiz qolgan yoki maoshi kamaytirilgan. Oxirgi 20 yillikda Amerikadagi mahalliy gazetalar daromadi 70 foizga kamaygan. Nashrlar 40 ming nafar yangilik yig‘adigan xodimini ishdan bo‘shatishga majbur bo‘lgan. Bu esa butun personalning 60 foizi degani.

Senator Kentvell mahalliy gazetalarni ko‘p marta qo‘llab-quvvatlagan. Ularning guvohlarni tergov qilish jarayonida ishtirok etishini ta'minlash bo‘yicha senatda nutq so‘zlagan. U o‘tgan yili pandemiya vaqtida iqtisodiy qo‘llab-quvvatlov bo‘yicha qonun loyihasiga mualliflik qilgan. Bu qonunga ko‘ra 2 mingdan ortiq gazeta, 3384 tele- va radiostansiyalar moliyaviy ko‘mak olgan, hududiy muxbirlar ish haqini himoyalash dasturiga kiritilgan.

160 mingdan ortiq aktyorlar, jurnalistlar va ijodkorlar kasaba uyushmasi bo‘lgan SAG-AFTRA korxonasi prezidenti Gabriel Karteris bu qonun loyihasi haqida shunday deydi: «Amerikaliklar mahalliy xabarlarni pandemiya davrida bo‘lganidek ko‘p o‘qishmagan edi. Chunki voqealar juda tez o‘zgardi. Qonun ijodkorlari bo‘lgan senatorlarga rahmat aytmoqchiman, bu qonun biz uchun juda muhim insonlar bo‘lgan hududiy muxbirlarni, nashrlarni saqlab qolish uchun juda muhim».

News Media Alliance ijrochi direktori Devid Chavernning fikricha, hududiy nashrlar juda muhim, chunki odamlar doim tekshirilgan, ishonchli ma'lumotga muhtoj bo‘lishgan va bu demokratiyaning ham asosi hisoblanadi.

Nimalar taklif qilinmoqda?

Senatorlar qonun loyihasida mahalliy nashrlarni qo‘llab-quvvatlash uchun qanday soliq imtiyozlari berilishi mumkinligini ham ko‘rsatishgan. Loyihada mahalliy gazeta yoki elektron nashr degan iboraga ham aniq ta'rif berilgan. Unga ko‘ra, hududiy nashr bo‘lish uchun gazeta yoki saytning kamida 51 foiz o‘quvchisi eng kamida 321 km radiusdagi muayyan hududda istiqomat qilishi kerak. Shuningdek, maxsus imtiyozga tushadigan nashrlar kamida ikki yil davomida barqaror ishlayotgan bo‘lishi lozim.

Loyihaga ko‘ra, mahalliy gazetaga yillik obuna to‘lovining 80 foizini to‘lab, obuna bo‘lgan jismoniy shaxslar bir yilda 250 dollar soliq imtiyoziga ega bo‘ladi. Yana bir taklifda mahalliy gazetalarga yillik 12,5 ming dollar soliq imtiyozi berish ko‘zda tutilgan. Bu tejalgan pulga nashr yangi ishchilar yollashi va ularga maosh to‘lashi mumkin.

Qonun loyihasida tadbirkorlik sub'yektlari uchun maxsus tariflar taklif etilgan. Ya'ni mahalliy gazeta yillik reklamasini belgilangan summaning 80 foizini to‘lab sotib olgan tadbirkorlar soliq yilida 5 ming dollar imtiyozga ega bo‘lishi mumkin. Keyingi yillarda esa reklamani yarim narxiga sotib olgan korxonalar ham 2,5 ming dollar yillik soliq imtiyozi oladi. Shuningdek, gazetalarga homiylik qilganlar ham manfaatli tariflarda soliq imtiyozi oladi. Ya'ni ular bergan pulidan ko‘proq imtiyoz olishi ham mumkin.

Taqqos: bizda ham shunday qilish mumkinmi?

Amerikada ko‘tarilgan bu mavzudan keyin ko‘pchilik axir bu bizdagi kabi majburiy obunaga o‘xshash narsa-ku, deyishi mumkin. Ammo bunday emas. Amerikaliklarda gazeta o‘qish madaniyat darajasiga ko‘tarilgan, ular hududiy gazetalar obunasi uchun mustaqil tarzda pul to‘lashadi.

Koronavirus esa odamlarning ham, gazetalarning ham daromadini kamaytirdi. Qonun ijodkorlari bunday vaqtda ularga odamlarni majburlamay yordam berish kerak deyishmoqda. Ya'ni bunda odamlarga og‘irlik tushmaydi, ular baribir soliq imtiyozi orqali daromadlarini saqlab qolishadi. Davlat esa buning uchun pulni bizning ta'birimiz bilan aytganda «budjetning orttirilgan qismidan» to‘ldirib qo‘yadi.

Qisqasini aytganda, Amerikada ishlab chiqilgan bu qonun loyihasi o‘qituvchi yoki boshqa kasb vakillarining maoshlaridan ushlab qolib gazetalarni boqimandaga aylantirib qo‘yish emas. Shunchaki, iqtisod nima ekanini tushunadigan amerikaliklar hududiy gazetchilik juda daromadli soha emasligini, o‘z navbatida, axborot bozorida ular juda zarur ekanini yaxshi tushunishadi.

Ularni saqlab qolish — dezinformatsiyadan himoyalanish uchun muhim, degan bayonot shunchaki balandparvoz gap emas. G‘arbda ishonchli manbalarning qadri juda baland. O‘shalar yozmasa xabarlarga ishonishmaydi.

Yana bir jihat

Amerikadagi gazetalar hamon yashab kelayotganining sababi shuki, ular chindan o‘zini qutqarish uchun harakat qilmoqda. E'tibor bergan bo‘lsangiz, loyihada qutqarish zarur bo‘lgan soha sifatida hududiy gazetchilik aytilyapti. Ya'ni mamlakat miqyosida faoliyat yuritadigan nashrlarning bu borada muammosi yo‘q. O‘sha hududiy nashrlar ham mustaqil ishlagani uchun o‘z obro‘sini yo‘qotmagan.

Masalan, kichik shahar gazetasida mahalliy merning istagi bilan qandaydir xabar chop etilmaydi. Shunchaki meriya ulardan qaysidir xabar targ‘ibotida yordam so‘rashi mumkin. O‘z o‘quvchilaring katta qismi shu shaharda yashaydigan nashr uchun esa bu shundoq ham kerakli mavzu.

Ha, Amerikada jurnalistikaga, gazetaga jiddiy qarashadi. Buni mana shu qonun loyihasida ham ko‘rish mumkin. Bizda «gazetani qutqarish» deganda albatta majburiy obunani tushunishadi, lekin gazetalar chindan mustaqil bo‘lib ishlasa, ular iqtisodiy mustaqillikka ham erishadi, butun boshli siyosatchilar mana Amerikada bo‘lgani kabi yuqori minbarlarda ham gazetalarning tarafini olishadi. Bunga avvalo nashrlar munosib bo‘lishi kerak.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.

Mavzuga oid
Top