10:02 / 15.08.2021
12691

O‘zbekiston futzal milliy jamoasi: jahon chempionatiga tayyorgarlik, murabbiy va o‘yinchilarning fikrlari

12 sentyabrdan 3 oktyabrgacha Litvada futzal bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston milliy jamoasi ham ishtirok etadi.

Jamoa Toshkentdagi yig‘inni yakunlab, xorijiy yig‘inga uchib ketdi. So‘nggi tayyorgarlik Ispaniya va Portugaliyada bo‘lib o‘tadi. U yerda mezbonlar, Argentina, Kosta-Rika va Angola bilan o‘rtoqlik bahslari o‘tkaziladi.

Tribuna.uz milliy jamoaning Toshkentdagi so‘nggi mashg‘ulotiga bordi va murabbiy hamda o‘yinchilarning mundial oldidan fikrlari bilan qiziqdi.

Bosh murabbiy Bahodir Ahmedov tayyorgarlikdan qoniqayotganini aytdi: «Tayyorgarlik juda yaxshi ketmoqda. Tailanddagi xalqaro turnir (3-o‘rin egallandi) foydali bo‘ldi. Jamoaning zaif tomonlarini bilib oldik.

Tailanddagi turnirda JChdagi raqibimiz Misrni (4:0) mag‘lub etganimizga ishonib qolmasligimiz kerak. O‘sha o‘yinda aslida ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘ydik. Mundialda umuman boshqacha o‘yin bo‘ladi.

Ispaniya va Portugaliyada kuchli jamoalar bilan o‘rtoqlik bahslari o‘tkazamiz. Yuqori darajali jamoalar bilan o‘ynayotganimiz xursand qiladi. Buning uchun O‘FAga rahmat».

Murabbiy Nodir Eliboyev guruhdagi raqiblar haqida fikr bildirdi: «Birinchi o‘yin qiyin bo‘ladi. O‘tgan JChda Panama (1:3) jismoniy ustunlik evaziga bizni mag‘lub etgandi. Gvatemala ham shunday raqiblardan. Lekin o‘z o‘yinimizni namoyish eta olsak, g‘alaba qozona olamiz. Rossiya — nafaqat guruh, balki musobaqa favoriti. Misr bilan bu safar umuman boshqacha o‘yin bo‘ladi. Agar o‘rtoqlik bahsida O‘zbekiston yutqazganida ham, shu gapni aytgan bo‘lardim.

Ispaniyalik murabbiylar kelgach, jismoniy jihatdan o‘sishga erisha oldik. Ularni shu sababli taklif qilgandik. Maqsadimiz — turnirga «pik» formada yetib borish.

Mendes uyning poydevorini qurib ketgan. Biz esa davom ettiryapmiz. Uning uslubini saqlab qolganmiz, lekin o‘zgarishlar ham bor. Busiz iloji yo‘q. Chunki butun dunyoda futzal o‘zgaryapti».

Darvozabonlar murabbiyi Karlos Korona shogirdlarining tayyorgarligiga to‘xtalib o‘tdi: «Bizda 3 nafar darvozabon bor. Bu bizga xilma-xillik beradi. Bundan juda ham xursandman. Rustam — juda yaxshi darvozabon, tajribasi katta. Xalqaro musobaqalar va so‘nggi jahon chempionatida o‘ynagan. Abbos Elmurodovda ham Rustamda mavjud hamma narsa bor: tajriba, o‘yinni nazorat qilish, og‘ir vaziyatlarda asabiylashib ketmaydi. Yaxshi sakraydi, oyoq bilan yaxshi o‘ynay oladi. U — hujumda ham o‘ynay oladigan darvozabon.

JChda Rustam asosiy darvozabon bo‘ladimi yoki yo‘q — bu bosh murabbiyning muammosi. Lekin Bahodir darvozabonlarning yakuniy holati qandayligi borasida meni eshitadi. Mening ishim — uchala darvozabonni ham eng yaxshi holatda tayyorlash».

Rustam Umarov ispaniyalik darvozabonlar murabbiyi va hozircha faoliyatini yakunlash to‘g‘risida o‘ylamayotgani haqida gapirdi: «Ispaniyalik murabbiy bilan 4 yil avval ham ishlaganmiz. Yaxshi tanishmiz. Sifatli mashg‘ulotlar o‘tkazadi. Undan ko‘p narsalarni o‘rganganman. Uning qaytishi foydamizga xizmat qilmoqda.

Hozircha faoliyatimni yakunlamoqchi emasman. Jismoniy jihatdan kuchim yetguncha, o‘ynashda davom etaman».

Yetakchi o‘yinchilardan biri Dilshod Rahmatov jamoa o‘tgan JChdagidan yaxshiroq natija qayd etib, kamida guruhdan chiqishni maqsad qilganini ta'kidladi: «Bu safar guruhdan chiqib, natijani yaxshilash niyatidamiz. Tajribali o‘yinchilar yoshlarga ruhiy jihatdan yordamlashib turibmiz. Bir-birimizning kamchiliklarimizni to‘ldirib boryapmiz.

2016 yilgi yigitlarning ham, hozirgi jamoaning ham o‘ziga xos ustunliklari bor. Futzal ancha rivojlandi.

Legionerlarimiz kamligi pandemiya bilan bog‘liq. Ko‘p yigitlarga qiziqish bor, lekin karantin tufayli ko‘p davlatlarda futzal tez-tez to‘xtatilib turibdi. Mundialda o‘zini ko‘rsatish orqali legionerga aylanish mumkin. Bunga o‘zbek futzalchilarining kuchi yetadi».

O‘zbekistonning o‘tgan mavsumdagi eng yaxshi futzalchisi Akbar Usmonovning fikricha, milliy jamoa a'zolari bosqichma-bosqich tarzda o‘sishga erishishdi: «Chempionat yaqinlashgani sari formaga kirib boryapmiz. Bunda ispaniyalik murabbiylarning ham xizmatlari katta.

Avvalo, milliy jamoa sha'ni uchun harakat qilamiz. Shu bilan birga JChdagi debyutimda individual tomondan yutuqlarga erishib, legionerga aylanishni ham maqsad qilganman».

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy jamoasi o‘z tarixida ikkinchi marta jahon chempionatida qatnashadi. Debyut 2016 yili Kolumbiyadagi mundialga to‘g‘ri kelgan va jamoa guruhda 3 o‘yinda (Panama 1:3, Kolumbiya 3:3, Portugaliya 1:5) 1 ochko to‘plagan.

A'zamjon Izzatillayev, Tribuna.uz muxbiri.

Tasvirchi va montaj ustasi — Mahmud Soliyev.

Top