13:49 / 16.08.2021
1569

Toshkent viloyatida talab yuqori bo‘lgan dori vositalarining noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olindi

Toshkent viloyatining Zangiota va Yashniobod tumanlarida pandemiya sharoitida talab yuqori bo‘lgan dori vositalarining noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olindi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma'lum qildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Zangiota tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro X.B. pandemiya sharoitida talab yuqori bo‘lgan dori vositalarini qimmat narxlarda sotib daromad orttirish maqsadida, xorijda ishlab chiqarilgan 218 quti «Remdisivir-Rameda 100 mg Vial 20 ml» nomli dori vositasining har bir qutisini 600 ming so‘mdan hisoblab, to‘lovni AQSh dollarida amalga oshirishga kelishib jami 12 000 AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, 218 quti dori vositasining umumiy bahosi 91,5 mln so‘mni tashkil etgan. 

Shu kabi, Departamentning Yashnobod tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda, 3 nafar fuqaro oldindan til biriktirib, dori vositalarini dorixona va uning filiallaridan tashqarida muomalaga kiritish orqali daromad orttirishni ko‘zlab, 63 quti «Kleksan» nomli dori vositasini har birini 900 ming so‘mdan baholab, jami 57,6 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari  o‘tkazilmoqda.

Top