17:48 / 03.09.2021
11630
Paralimpiya. Safiya Burxonova O‘zbekistonga yettinchi oltin medalni taqdim etdi

Safiya Burxonova para-yengil atletikaning F12 klassida ayollar o‘rtasida yadro uloqtirish bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Burxonova 14.78 metr natija qayd etdi va birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin italiyalik Assunta Legnatega (14.62) nasib etgan bo‘lsa, meksikalik Rebeka Alvares (13.72) kuchli uchlikka yakun yasab berdi.

Ma'lumot uchun, Safiya Burxonova 2016 yili Rio-de-Janeyroda o‘tgan Paralimpiya o‘yinlarida kumush medalini qo‘lga kiritgandi.

Bugungi bahslarda para-kanoyechi Azizbek Abdulhabibov (KL2 klassi) 200 m masofaga poygada marraga sakkizinchi bo‘lib yetib keldi.

Para-yengil atletikachi Temurbek G‘iyosov (T44 klassi) balandlikka sakrash bo‘yicha musobaqada 1,88 m natija bilan oltinchi o‘rinni egalladi.

Yana bir para-yengil atletikachi, F57 toifasidagi bellashuvlarda qatnashgan Yorqin Odilov 11,71 m ko‘rsatkich bilan to‘qqizinchi o‘rinni egalladi.

Shu tariqa O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 17taga yetdi: 7ta oltin, 4ta kumush va 6ta bronza. O‘zbekiston umumiy reytingda medal olgan 84 mamlakat orasida 17-o‘rinda bormoqda. Yetakchilar Xitoy (85-53-46), Buyuk Britaniya (37-34-40) va AQSh (34-34-24).

Mavzuga oid
Top