15:39 / 07.09.2021
16034
Avtomobilida ayol kishini turtib o‘tib ketgan haydovchi bilan bog‘liq holat bo‘yicha rasmiy ma'lumot berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda haydovchi avtomobilini ayol ustiga boshqargani to‘g‘risida videolavhalar tarqaldi. Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi holat yuzasidan ma'lumot berdi.

Ma'lum qilinishicha, joriy yilning 4 sentabr kuni soat 15:00larda, Toshkent shahar, Sergeli tumani, “Ziynat” MFY, Shokirariq ko‘chasida "Spark" rusumli avtomobil haydovchisi, 1979 yilda tug‘ilgan Sh.R. hamda "Changan" rusumli yuk avtomobili haydovchisi, 1983 yilda tug‘ilgan H.M. o‘rtasida o‘zaro tortishuvli vaziyat yuzaga kelgan.

"Changan" rusumli avtomobil haydovchisi H.M. voqea joyidan ketmoqchi bo‘lgan vaqtda fuqaro Sh.R. ushbu yuk avtomobilining old qismiga tepgan. Haydovchi to‘xtamasdan harakatda davom etgan va fuqaro Sh.R.ni avtomobil bilan turtib o‘tgan.

Natijada, fuqaro Sh.R. tan jarohati olgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, hozirda surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Top