18:08 / 07.09.2021
9862
O‘zbekistonning davlat tashqi qarzi 21,8 mlrd dollarga yetdi

Davlat tashqi qarzi YaIMga nisbatan qariyb 35 foizni tashkil qilmoqda. Jami qarzlarni qaytarish hajmi yarim yillik davrda birinchi marta 1 mlrd dollardan oshdi.

Moliya vazirligi 2021 yilning 1 yarim yilligi uchun tashqi qarz holati va dinamikasi haqida ma'lumot berdi.

Davlat qarzi qoldig‘i joriy yil boshiga nisbatan 858,6 mln dollarga yoki 3,7 foizga oshib, 2021 yilning 1 iyul holatiga 24,2 mlrd dollarni yoki yalpi ichki mahsulotga (YaIM) nisbatan 38,5 foizni tashkil etdi.

1 iyul holatiga:

  • davlat tashqi qarzi qoldig‘i 21,8 mlrd dollarni yoki YaIMga nisbatan 34,7 foizni;
  • davlat ichki qarzi qoldig‘i 2,4 mlrd dollarni yoki YaIMga nisbatan 3,8 foizni tashkil etdi.

Davlat ichki qarzi qoldig‘i tarkibida davlat qimmatli qog‘ozlari, davlat tomonidan kafolatlangan ichki qarz hamda davlat budjetidan qaytariladigan ichki majburiyatlar qoldig‘i aks ettirilgan.

Izohlanishicha, joriy yilning birinchi yarim yilligida davlat qarzi qoldig‘i 858,6 mln dollarga oshishi O‘zbekiston Respublikasi nomidan va davlat kafolati ostida investitsiya loyihalarini va davlat budjeti defitsitini moliyalashtirish uchun tashqi va ichki manbalardan jalb qilingan qarz mablag‘larining o‘zlashtirilishi, qarz majburiyatlari bo‘yicha asosiy qarzning so‘ndirilishi hamda davlat qarzi portfeli tarkibidagi valuta kurslaridagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq.

1-yarim yillikda davlat qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlari 1,1 mlrd dollarni tashkil etgan. Shu paytga qadar yarim yillik davr uchun qarzlarni so‘ndirish xarajatlari 1 mlrd dollardan oshmay kelgandi.

Moliya vazirligi hisobotidan xususiy tashqi qarzlar bo‘yicha axborotlar o‘rin olmagan. Bu boradagi ma'lumotlarni Markaziy bank e'lon qilib keladi.

Top