22:51 / 08.09.2021
94062

Oliy ta'limda to‘lov-kontrakt miqdorlari tasdiqlandi

Bazaviy kontrakt miqdori 10 foizga oshdi. Shu bilan birga, kunduzgi shaklda o‘qiyotgan talabalar 1 noyabrgacha koronavirusga qarshi vaksina olsa, 10 foizlik chegirmaga ega bo‘ladi.

Davlat qabul komissiyasining 6-son bayoni bilan, 2021/22-o‘quv yili uchun respublika oliy ta'lim muassasalarida bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha to‘lov-kontrakt miqdorlari tasdiqlandi.

Bu haqda xabar qilgan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining qayd etishicha, bakalavriat va magistraturada kunduzgi ta'lim shaklida tahsil olayotgan va 2021 yil 1 noyabrga qadar koronavirusga qarshi emlangan talabalarga joriy o‘quv yili uchun belgilangan stipendiyasiz bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorlariga 10 foiz chegirma beriladi.

Bakalavriatning kunduzgi ta'limida eng yuqori kontrakt – 16 023 820 so‘m (stipendiyali) yoki 9 809 260 so‘m (stipendiyasiz). Bu –  “Jahon siyosati”, “Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar” va “Huquq” yo‘nalishlariga taalluqli.

Minimal kontrakt miqdori esa 12 627 170 so‘m (stipendiyali) yoki 6 412 610 so‘m (stipendiyasiz). Pedagogika va ko‘plab ijtimoiy yo‘nalishlarda ushbu summa belgilangan.

Bakalavriatning sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarida stipendiyali va stipendiyasiz kontrakt miqdorlari mos ravishda 15 344 490 so‘m va 9 129 930 so‘m deb belgilangan.

Qayd etilishicha, o‘quv yili davomida stipendiya miqdori oshsa, stipendiyali kontrakt miqdori stipendiyaning yangi miqdoridan kelib chiqib, o‘quv yili oxirigacha oshiriladi.

Top