16:54 / 10.09.2021
29858

“Aqlli” elektr hisoblagichlar qanday ishlaydi?

O‘zbekistonda elektr energiyasini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi (EHOAT)ni joriy etish maqsadida uch ishlab chiqaruvchi tomonidan yetkazib berilayotgan “aqlli” hisoblagichlar to‘liq o‘rnatildi. Kun.uz “Hududiy elektr tarmoqlari” AJda bo‘lib o‘tgan tadbir doirasida bu hisoblagichlar qanday ishlashi haqida tushuncha berishni so‘rab, mutaxassisga murojaat qildi.

Elektr energiyani hisobga olishni avtomatlashtirish markazi direktori o‘rinbosari Azamat Abdurahmonov savolimizga quyidagicha javob berdi.

“EHOAT loyihasi doirasida 3 ishlab chiqaruvchi: “Elektron hisoblagich”, Kaifa va “Toshelektroapparat” MChJ tomonidan yetkazib berilayotgan “aqlli” hisoblagichlar o‘rnatildi.

Dastlab, Kaifa hisoblagichlari ishlashiga oydinlik kiritsak. Bu tizim transformator punktiga o‘rnatiladigan konsentrator hamda iste'molchilar uylariga o‘rnatiladigan 3 turdagi bir fazali hisoblagichlarni o‘z ichiga oladi. Bunda iste'molchilarga o‘rnatilgan hisoblagichlardagi barcha ma'lumotlar konsentratorda jamlanadi va EHOAT dasturiga yuboriladi. U yerdan billing dasturiga tushadi. Shu orqali iste'molchi foydalangan elektr energiyasi bo‘yicha hisob-kitoblar amalga oshiriladi.

Azamat Abdurahmonov

Natijada iste'molchi foydalangan hisoblagich ko‘rsatkichini, foydalangan elektr energiyasi miqdorini, amalga oshirgan to‘lovlari, uning qoldig‘i onlayn kuzatib bora oladi.

“Elektron hisoblagich” korxonasining “aqlli” hisoblagichlari 1 fazali va 3 fazali qilib ishlab chiqarilgan. Shu bilan birga, konsentrator qurilmasi ham mavjud. Bu ham Kaifa qurilmalari singari ishlaydi.

Iste'molchida qarzdorlik yuzaga kelishi oqibatida uni tarmoqdan vaqtincha uzish lozim bo‘lsa, dastur konsentratorga ma'lum bir hisoblagichni tarmoqdan uzish buyrug‘ini beradi, konsentrator o‘sha raqamli hisoblagichni tarmoqdan vaqtincha uzadi. Shu bilan elektr energiyasi yetkazib berish kelgusi to‘lov amalga oshirilgunga qadar vaqtincha to‘xtatiladi”, – deya tushuncha berdi Azamat Abdurahmonov.

Ma'lum qilinishicha, Buxoro, Samarqand va Jizzax viloyatlaridagi iste'molchilarga Kaifa hisoblagichlari o‘rnatilayotgan bo‘lsa, Toshkent shahridagi mijozlarga mahalliy ishlab chiqaruvchi bo‘lgan “Elektron hisoblagich” MChJ mahsuloti yetkazib berilyapti.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mutasaddisining ma'lum qilishicha, ushbu hisoblagichlar jamiyat mulki hisoblanib, iste'molchilarga mutlaqo bepul o‘rnatib beriladi va har 10 yilda bir marta texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Mavzuga oid
Top