19:11 / 11.09.2021
5616
“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi boshchiligida tabiiy gaz qazib chiqarish loyihalari ijrosi yuzasidan “Zevarda” konida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov tomonidan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da tabiiy gaz qazib chiqarish, uglevodorodlar zaxirasini oshirish bo‘yicha “O‘zbekneftgaz” AJ oldiga bir qator vazifalar belgilab berilgan. “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi “Ishchi guruh” a'zolari vazifalar ijrosini Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi misolida o‘rganmoqda.

“Ishchi guruh” a'zolari Jamiyatga tegishli konlarda gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar va amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha ishlarni o‘rganish maqsadida Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining “Zevarda” konida bo‘ldi.

“Zevarda” konida tashkil etilgan shtabda departament boshliqlari, boshqarma direktori, o‘rinbosarlari, kon boshliqlari va mutaxassislari ishtirokida sayyor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov tomonidan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida yil oxirigacha rejalashtirilgan ishlarning ijrosi holati bo‘yicha boshqarma boshlig‘ining hisoboti eshitildi.

Boshqaruv raisi 2021 yil yakuni bilan 34,1 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib chiqarishni ta'minlash va 103,0 foiz o‘sish sur'atiga erishish kerakligini ta'kidladi. O‘z navbatida, Muborak boshqarmasi bo‘yicha rejalashtirilgan geologik-texnik tadbirlar hisobiga 394,5 mln kub metr tabiiy gaz, 2,8 ming tonna gaz kondensati qazib chiqarishga erishilishi kabi muhim vazifa turganligini eslatib o‘tdi.

Shunday ekan, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi bo‘yicha 16,6 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib olish (o‘sish sur'ati 100,9 foiz), buning uchun, 11 ta konda 39 ta yangi quduqni burg‘ilab ishga tushirish, shundan III chorakda – 10 ta, IV chorakda – 29 ta. Bundan tashqari, 17 ta kondagi 68 ta quduqda mukammal ta'mirlash va intensifikatsiya ishlarini bajarish shart qilib belgilandi.

Yig‘ilishda “Yo‘l xaritasi”da belgilangan tadbirlarni amalga oshirish ishlariga jalb qilingan Pudratchi tashkilotlar bilan quduqlarni burg‘ilash, kapital ta'mirlash ishlarini jadallashtirish, texnologik obektlarni belgilangan muddatlarda ishga tushirish uchun olib borilayotgan qurilish-montaj ishlarini tezlashtirish yuzasidan muhokamalar o‘tkazildi.

Shuningdek, Muborak boshqarmasiga qarashli kon boshliqlarining o‘tgan 8 oy mobaynida reja ko‘rsatkichlari bajarilishi bo‘yicha hisobotlari tinglandi, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, reja ko‘rsatkichlarining bajarilmaslik sabablari tahlil qilinib, yil oxirigacha rejalashtirilgan chora-tadbirlar, loyihalar taqdimotlari ko‘rib chiqildi.

Mavjud muammoli masalalarni hal etish uchun zarur chora-tadbirlarni ko‘rish bo‘yicha tegishli departament boshliqlari va boshqarma rahbariyatiga topshiriqlar berildi.

Yig‘ilish davomida “Yo‘l xaritasi”da belgilangan har bir tadbirlarning bajarilishi birma-bir ko‘rib chiqildi. Tabiiy gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish, ayniqsa, kuz-qish mavsumida aholi va sanoat tarmoqlariga tabiiy gaz yetkazib berish barqarorligini ta'minlash uchun quduqlarni burg‘ilash, kapital ta'mirlash va texnologik obektlarni ishga tushirish borasida olib borilayotgan ishlar ijrosi, yil oxirigacha amalga oshirilishi belgilangan tadbirlar muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Boshqaruv raisi tomonidan “Janubiy Kemachi” konida qo‘shimcha 12 km gaz quvurini montaj qilish va Gazni dastlabki tayyorlash qurilmalarini ishga tushirish, “Zevarda” konida uzunligi 5,7 km gaz quvurini qurilish bilan tugatib, belgilangan muddatlarda ishga tushirish bo‘yicha vazifalar va topshiriqlar berildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top