19:45 / 13.09.2021
46684
Antimonopoliya qo‘mitasi raisi UzAuto bilan sudlashuvni davom ettirish bo‘yicha savolga javob qaytardi

2020 yilda Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi monopolist  kompaniya avtomobillarini tashqi bozordagidan 30-40 foizga qimmat sotayotgani, berilgan imtiyoz va preferensiyalardan samarali foydalanmaganini ma'lum qilgach, UzAuto bilan sudlashgan edi. Qo‘mita sudda kompaniyaga yutqazgan.

13 sentabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida qo‘mita raisiga UzAuto bilan sudga oid savol berildi.

“Bir yil oldin Antimonopol qo‘mitasi UzAuto bilan narxlar bo‘yicha sudlashib yutqazgan edi. Qo‘mitangizni zavod obro‘sini tushirishda, populistik e'lonlar berishda ayblashdi. 20 avgust kuni tadbirkorlar bilan uchrashgan prezident Shavkat Mirziyoyev zavod chet eldan ko‘ra O‘zbekistonda mashinalarni (30-40 foiz) qimmatga sotayotganini aytdi. Davlat rahbarining siz bilan hamfikrligidan dalda olib sud ishlarini davom ettirasizmi?” – deya savol berdi jurnalist.

Qo‘mita raisi Shohrux Shorahmedov zavod qo‘mita xohlagan yo‘nalishda ishlayotganini aytdi.

“Bu masalada sud qarori kuchga kirgach, biz bu qarorni ijro etishga majburmiz. Lekin ish to‘xtab qolmadi. Kompaniya tomonidan ham ishlar olib borilmoqda, xususan, kompaniya transformatsiya to‘g‘risida ma'lum qildi. Biz ular bilan aloqadamiz. Hozircha kompaniya biz xohlagan yo‘nalishda ish olib bormoqda. O‘zbekistonda boshqa zavodlar ham ishga tushishi rejalashtirilmoqda, mashinalar importi osonlashtirildi.

Ikki tomonlama ish olib borilmoqda, transformatsiya boshlangan, ikkinchidan, boshqa zavodlar ochilgan. Biz tomondan ham o‘rganishlar olib borilmoqda”, – dedi rais. 

Eslatib o‘tamiz, monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasining avvalgi raisi Najmiddinxo‘ja Sharipov 2021 yilning martida lavozimidan ozod etilgan, uning o‘rniga Shohrux Shorahmedov tayinlangandi.

Top