18:51 / 13.09.2021
1837
Qoraqalpog‘istonda birinchi fermer shartnomaviy rejasini bajardi

11 sentabr kuni “Ashirov Qahramon” fermer xo‘jaligi davlatga paxta topshirish rejasini bajardi. Amudaryolik Qahramon Ashirov ushbu natija bilan Qoraqalpog‘istonda birinchi bo‘ldi.

Foto: KUN.UZ

Qilichboy ovulidagi fermer rejadagi 45 tonna o‘rniga 45,2 tonna paxta topshirgan. Fermer 45 gektar yerga paxta ekkan.

Xo‘jalik rahbari Qahramon Ashirovning aytishicha, davlatga paxta topshirish rejasini u 5 ish kunida bajargan. Uning qo‘shimcha qilishicha, kuniga 10 tonnadan ortiq paxta xomashyosi terib olingan.

Hozirgi kunda yana qo‘shimcha 12-14 tonna paxta topshirish rejalashtirilmoqda. Xo‘jalikda 200 nafardan ortiq terimchilarga paxtaning bir kilogrammiga 1 200 so‘mdan berilmoqda.

Ma'lumot uchun, Amudaryo tumanida paxta teruvchi 290 ta terim otryadlarida paxta terish ishlariga jalb etilgan. Jami 23 ming 266 nafar terimchilar hosilni yig‘ishda ishtirok etmoqda. Terimchilarning 9 ming 283 nafari paxta to‘qimachilik klesteri va fermer xo‘jaliklarining ishchilari bo‘lib, 13 ming 983 nafari uyushmagan aholi vakillaridan iborat.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq bu yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida Qoraqalpog‘istonning chekka tumanlarida terimchilarga 230 so‘mdan ustama haq to‘lanishi aytilgandi.

Top